Oʻzbekiston-Buyuk Britaniya savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorligida ijobiy dinamika kuzatilyapti

    Xalqaro hamkorlik 1 Dekabr 2022 1176

    Joriy yil 30-noyabrda Toshkent shahrida Oʻzbekiston-Buyuk Britaniya Savdo va sanoat kengashining (UBTIC) 26-yigʻilishi boʻlib oʻtdi, unda ikki mamlakat vazirlik va idoralari rahbarlari, 70 ga yaqin yetakchi kompaniyalar hamda Buyuk Britaniyadagi xalqaro universitetlar va xalqaro moliya institutlari rahbarlari ishtirok etdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri oʻrinbosari Badriddin Abidov tadbir ishtirokchilariga qutlov soʻzi bilan murojaat qilib, Oʻzbekiston-Buyuk Britaniya savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorligining ijobiy dinamikasini qayd etdi. Keyingi yillarda Oʻzbekistonda Britaniya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 338 taga yetdi, shundan 215 tasi qoʻshma, 123 tasi 100 foiz Britaniya kapitali ishtirokidagi korxonalardir. Mamlakatimizda yaratilgan qulay sarmoyaviy muhit tufayli mazkur korxonalar qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat, togʻ-kon sanoati, farmatsevtika, toʻqimachilik va kimyo sanoatida oʻz faoliyatini muvaffaqiyatli amalga oshirib, xizmat koʻrsatish va savdo sohalarida oʻz ifodasini topyapti. Bunga koʻp jihatdan Oʻzbekiston Buyuk Britaniyaning Kengaytirilgan GSP tizimining Kengaytirilgan sxemasi benefitsiari maqomiga ega boʻlgani yordam beryapti.

    Shuningdek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarning konstruktivligi, Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi boʻyicha olib borilayotgan izchil va jadal saʼy-harakatlar, shuningdek, ushbu jarayonda Britaniya tomoni mamlakatimizni faol qoʻllab-quvvatlayotgani ham qayd etildi. Oʻzbekiston Hukumatining xorijiy investorlar faoliyatiga har tomonlama yordam berishga tayyorligi taʼkidlanib, Britaniya kompaniyalari rahbarlari oʻzbekistonlik hamkorlar bilan faol hamkorlik qilishga taklif etildi.

    Oʻz navbatida, Buyuk Britaniyaning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha savdo komissari – Istanbuldagi Bosh konsul Kenan Poleo, Buyuk Britaniya Xalqaro savdo departamenti bosh direktori Endryu Mitchell oʻz chiqishlarida oʻzaro savdo va investitsiyalarni rivojlantirish va koʻpaytirish imkoniyatlarini muhokama qilish uchun samarali platforma hisoblanadigan UBTICning yillik yigʻilishlari muhimligini taʼkidladilar. Ular, shuningdek, Oʻzbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlarida investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun imkoniyatlar va qulay sarmoyaviy muhit mavjudligini taʼkidlagan holda, Britaniya kompaniyalari vakillarini Oʻzbekistonning jadal rivojlanayotgan bozorida oʻz faoliyatini kengaytirishga chaqirdi.

    Yigʻilish doirasida professional moliyaviy xizmatlar koʻrsatish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, qurilish sohasini rivojlantirish, Buyuk Britaniyaning Preferensiyalar bosh tizimining Kengaytirilgan sxemasidan (Enhanced GSP) samarali foydalanish masalalari muhokama etilgan toʻrtta tarmoq sessiyasi oʻtkazildi. Sessiyalar davomida boʻlib oʻtgan muloqotlar doirasida, shuningdek, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan xususiylashtirish dasturida britaniyalik investorlarning ishtirok etish istiqbollari, Oʻzbekistonning bir qator yirik kompaniyalarining birlamchi ommaviy taklif (IPO)ga qoʻyilishi, davlat-xususiy sheriklik asosida yirik sarmoyaviy va infratuzilmaviy loyihalarini birgalikda amalga oshirish imkoniyatlari va ikki davlat oʻrtasida taʼlim sohasida hamkorlik salohiyati muhokama etildi.

    Tadbir doirasida ishtirokchilar aniq investitsiya loyihalari va tashabbuslarini amalga oshirish doirasidagi hamkorlikning moliyaviy va texnik jihatlarini yanada chuqurroq muhokama qilish maqsadida B2B va G2B formatida muzokaralar olib bordi.

    Savdo-sanoat va Oʻzbekiston-Buyuk Britaniya kengashi yakunlari boʻyicha savdo, toʻqimachilik, togʻ-kon sanoati, atrof-muhitni muhofaza qilish, taʼlim va madaniyat sohalarida 8 ta ikki tomonlama hujjat, shuningdek, UBTICning 2023-yil uchun qoʻshma harakat rejasi (“Yoʻl xaritasi”) imzolandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.