Tadbirni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Gʻayrat Fozilov va Buyuk Britaniya tashqi siyosat idorasi rahbari oʻrinbosari Leo Dokerti ochib berdi.

Muzokaralarda Oʻzbekiston tomonidan Investitsiyalar va tashqi savdo, Iqtisodiy rivojlanish va kambagʻallikni qisqartirish, Adliya, Mudofaa, Ichki ishlar vazirliklari, Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Ekologiya davlat qoʻmitasi, Oʻzgidromet va Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi vakillari ishtirok etdi.

Oʻzbekiston-Buyuk Britaniya hamkorligi, shuningdek, koʻp tomonlama tuzilmalar doirasidagi oʻzaro aloqalarning dolzarb masalalari muhokama etildi.

Siyosiy-diplomatik muloqotni kengaytirish, umumiy kun tartibini amaliy mazmun bilan toʻldirish yuzasidan fikr almashildi.

Muzokaralarda iqtisodiy diplomatiyani faollashtirish masalalari muhim oʻrin tutdi. Shu nuqtayi nazardan, ikki mamlakat ishbilarmon vakillari oʻrtasida, jumladan, Savdo va sanoat boʻyicha Oʻzbekiston-Buyuk Britaniya kengashi doirasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni faollashtirish muhimligi qayd etildi.

Turli sohalarda qoʻshma investitsion loyihalarni ishlab chiqish, Oʻzbekistondan Buyuk Britaniyaga eksport qilinadigan tovarlar turini kengaytirish va savdo aylanmasi hajmini oshirish boʻyicha dastlabki kelishuvga erishildi.

Britaniya tomoni mehnat migratsiyasi sohasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga qiziqish bildirdi.

Tomonlar madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish, ilmiy sohadagi hamkorlikni chuqurlashtirish, umumiy, kasb-hunar va oliy taʼlim sohasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekani tasdiqlandi.

Siyosiy maslahatlashuvlar darajasini tashqi ishlar vazirlari oʻrinbosarlari darajasidagi muloqotga koʻtarishga kelishib olindi.

Muzokaralarda ayrim mintaqaviy va xalqaro masalalar ham koʻrib chiqiladi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.