“Oʻzcharmsanoat” uyushmasi hamda unga aʼzo 15 dan ortiq korxonalar koʻrgazmada jamoaviy stend bilan qatnashyapti. Ekspozitsiyada mahalliy korxonalarimiz 100 turdagi poyabzal, charm, charm-attorlik, jun mahsulotlarini namoyish etilyapti.

Koʻrgazmaning dastlabki kunida Oʻzbekiston delegatsiyasi hamda Xitoy charmsanoat uyushmasi rahbariyati bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Muloqotda hamkorlikning hozirgi holati, kelgusi istiqbollari muhokama etildi. Birgalikda Oʻzbek-Xitoy qoʻshma loyihalarini tez fursatlarda amalga oshirishga doir masalalar koʻrib chiqildi. Shuningdek, mahalliy korxonalarimizni avgust oyida boʻlib oʻtadigan Butun Xitoy charmsanoat koʻrgazmasidagi ishtirokiga doir tashkiliy masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, JACD korporatsiyasi prezidenti, Yanchjou universiteti professori Kai Tian Gu bilan uchrashuvda Oʻzbekistonda charmsanoat uchun kimyoviy moddalar asosan tabiiy va sunʼiy charm uchun boʻyoqlar ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma loyihalarni tashkil etish boʻyicha taklif oʻrganib chiqildi. Bundan tashqari, charmsanoat yoʻnalishida kadrlar tayyorlash sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish yuzasidan tashabbuslar muhokama qilib olindi. Joriy oyda universitet vakillari bilan “Oʻzcharmsanoat” uyushmasida uchrashuv boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan.

“Oʻzcharmsanoat” uyushmasi delegatsiyasi koʻrgazma doirasidagi xalqaro forumda ishtirok etdi. Unda mamlakatimiz charm-poyabzal va moʻyna sanoatining yutuqlari, ishlab chiqarish, investitsiya, eksport salohiyati boʻyicha taqdimot oʻtkazildi.

Xalqaro anjuman doirasida mahalliy korxonalarimiz yangi loyihalarni amalga oshirish, eksport shartnomalarini imzolash boʻyicha muzokaralar oʻtkazyapti, deb xabar beradi “Oʻzcharmanosat” uyushmasi matbuot xizmati.