Oʻzbekiston chiqindi gazlarni kamaytirgani uchun Jahon bankidan toʻlov qabul qilgan dunyodagi birinchi davlat boʻldi

    Energetika sektorida emissiyalarni kamaytirish boʻyicha hukumat siyosatini qoʻllab-quvvatlash dasturi doirasida erishgan natijalari evaziga Oʻzbekiston Jahon bankidan toʻlov qabul qilgan dunyodagi birinchi davlat boʻldi.

    Bu Jahon bankining mamlakatga energiya samaradorligini oshirish, energiya subsidiyalarini qisqartirish va toza energiya manbalariga oʻtishga koʻmaklashuvchi “Oʻzbekistonda energetika islohotlari uchun innovatsion uglerod resurslarini qoʻllash” (iCRAFT) loyihasi doirasida amalga oshirildi.

    Ushbu turdagi loyiha bank tomonidan dunyoda birinchi marotaba amalga oshirilmoqda.

    Loyiha doirasida 500 ming tonnalik issiqxona gazlari emissiyasi muvaffaqiyatli kamaytirilgani natijasida Jahon bankining Transformatsion uglerod aktivlari jamgʻarmasi (TCAF) Oʻzbekistonga 7,5 million dollar miqdorida grant ajratdi. Ushbu natijalarni uchinchi tomon mustaqil ravishda tasdiqladi.

    Yuqorida keltirilgan toʻlov Oʻzbekiston hukumati va Jahon banki oʻrtasida iCRAFT loyihasi doirasida tuzilgan Qisqartirilgan emissiyalarni sotib olish shartnomasi boʻyicha kutilayotgan bir nechta transhlarning birinchisidir.

    Bitimga koʻra, mamlakat energetika sektorini isloh qilish natijasida emissiyalarni, mustaqil ravishda tasdiqlangan holda, qisqartirgani uchun 20 million dollargacha grant mablagʻlari yoki “uglerod moliyalarini” olishi mumkin boʻladi.