Ayni kunlarda Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatri jamoasi gastrol safari bilan Xitoy Xalq Respublikasining Pekin shahrida boʻlib turibdi.
Prezidentimizning 2021-yil 27-dekabrdagi PQ-64 son qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan mazkur safarga 100 dan ortiq ijodkor jalb qilingan boʻlib, Oʻzbekiston delegatsiyasiga Madaniyat va turizm vaziri oʻrinbosari Bahodir Ahmedov rahbarlik qilmoqda.
Tashrifning ikkinchi kuni B.Ahmedov partiya kotibi Chjen Sichao, Xitoy milliy opera teatri bosh direktori Lyu Yunchji, direktor oʻrinbosari Li Danyan bilan uchrashdi. Muloqot davomida ikki tomonlama hamkorlikka oid masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, “Beijing Opera House” teatrida Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatri orkestri ishtirokida simfonik konsert dasturi namoyish etildi. Oʻzbek hamda jahon klassikasidan joy olgan eng sara asarlardan iborat dastur tomoshabinlar tomonidan olqishlar bilan kutib olindi.