Oʻzbekiston davlat simfonik orkestri tashkil etildi

    Madaniyat 6 May 2021 4353

    Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzurida Oʻzbekiston davlat simfonik orkestrini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” qarorining 10-bandiga muvofiq Toshkent shahar “Yoshlar ijod saroyi” qoshidagi Yoshlar simfonik orkestri negizida Oʻzbekiston davlat simfonik orkestri tashkil etiladi va amaldagi mehnatga haq toʻlash shartlari saqlanib qolgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tuzilmasiga oʻtkaziladi.

    Quyidagilar Orkestrning asosiy vazifalari etib belgilanmoqda:

    – jahon klassik musiqasi va xor ijrochiligi sohasidagi yutuqlarni Oʻzbekistonda va xorijda targʻib qilish;

    – aholining jahon klassik musiqasi va xor ijrochiligiga boʻlgan maʼnaviy ehtiyojini konsert faoliyati hamda musiqiy-maʼrifiy ishlar orqali qondirib borish;

    – oʻz repertuarini jahon va oʻzbek bastakorlari tomonidan yaratilgan musiqiy asarlarning eng sara namunalari bilan toʻldirish va ijro orqali boyitish;

    – jahon klassik musiqasi va xor ijrochiligi sohasi ijodkorlarining samarali ijod qilishlari uchun shart-sharoitlar yaratish hamda isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash;

    – davlat va hukumat darajasida oʻtkaziladigan tadbirlar, marosimlar va qabullarda ishtirok etish.

    Orkestr Yoshlar simfonik orkestrining barcha huquq, majburiyat va shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi.

    Orkestrning direktori va badiiy rahbari Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.