Oʻzbekiston “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumiga mezbonlik qilmoqda

    Mamlakatimizda 16 May 2022 1038

    Toshkentda “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumi oʻz ishini boshladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasida boʻlib oʻtayotgan tadbir Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, AQSH Global jalb qilish instituti, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Xalqaro islom akademiyasi hamda Samarqand va Buxoro viloyatlari hokimiyatlari hamkorligida tashkil etilgan.

    Anjuman doirasida turli mamlakatlar dinshunos olimlari, amaliyotchi mutaxassislariga jamiyatda tinchlik va totuvlikni saqlab turishning muhim sharti sifatida dinlar va madaniyatlar oʻrtasida samarali muloqot oʻrnatish sohasidagi eng yaxshi xalqaro amaliyot, ilgʻor xorijiy tajriba namoyish etiladi.

    Mazkur xalqaro forum jahon hamjamiyatining eʼtiqod erkinligini taʼminlash va dinlararo muloqotni mustahkamlash yoʻlidagi saʼy-harakatini birlashtirish jarayoni ajralmas qismi boʻlib, davlatimizning inson huquq va erkinligi boʻyicha xalqaro majburiyatlarga qatʼiy sodiqligi, Oʻzbekiston Respublikasi 2020-yil ilk bor saylangan BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashi masʼul aʼzosi sifatida mamlakatimizning ayni yoʻnalishda eʼtirof etilgan umumiy standartlarni xalqaro miqyosda faol targʻib etishga tayyorligi ifodasidir.

    Forumning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqaviy tadqiqotlar instituti direktori birinchi oʻrinbosari Akramjon Neʼmatov soʻzga chiqib, 16-17-may kunlari Toshkentda koʻp millatli jamiyatda konfessiyalararo muloqotni rivojlantirish sohasida tajriba almashish, diniy erkinlik masalasida qonun ustuvorligini taʼminlash, turli din vakillari oʻrtasida oʻzaro ishonch va hurmatni mustahkamlash boʻyicha ilgʻor amaliyot bilan tanishish yuzasidan ilmiy-amaliy seminarlar oʻtkazilishini maʼlum qildi.

    Mazkur nufuzli xalqaro marosim 20-mayga qadar davom etadi.