Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev raisligida shu yili 28 iyun` kuni o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida ilmga asoslangan urug'chilik va agrotexnologiyalar hisobiga paxta ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda paxtani chuqur qayta ishlash asosida to'qimachilik mahsulotlari eksportini ko'paytirish yuzasidan vazifalar belgilab berilgan edi. Bu borada xorijiy davlatlarning ilg'or tajribalarini o'rganish, chet ellik mutaxassislar bilan mustahkam hamkorlik aloqalarinini yo'lga qo'yish zarurligi aytib o'tilgandi.
Sa'dulla Tadjievning aytishicha, paxta-to'qimachilik klasterlarining AQSH safari davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan ushbu vazifalar ijrosi doirasida tashkil etildi. Delegatsiya tarkibida “Paxtachi klaster” MCHJ, “Amina Gold Invest” MCHJ, “DENOV TEKSTIL KLASTER” MCHJ, “Buxoro Agroklaster” MCHJ, “Fergana global textile” MCHJ, “Mirishkor tekstil group klaster” MCHJ singari o'ndan ortiq yirik paxta-to'qimachilik klasterlari bor.
Delegatsiya AQShning Missisipi shtatida bo'lib, paxta etishtirish, uni sanoat yo'li bilan chuqur qayta ishlash va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishmoqda.
O'zbekiston delegatsiyasi dastlab AQSh fermer xo'jaliklarida bo'lib, g'o'za parvarishlash, ekinga ishlov berish va mo'l hosil etishtirish borasidagi faoliyati bilan tanishdi.
O'zbekiston delegatsiyasi AQSh safari davom etmoqda, deb xabar beradi O'zbekiston paxta-to'qimachilik klasterlari uyushmasi Axborot xizmati.