Ushbu nufuzli tadbirda O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi ham faol ishtirok etdi. Delegatsiya tarkibiga Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasida doimiy asosda faoliyat yurituvchi a’zo G. Marufova, Oliy sud raisining o‘rinbosari M. Qalandarova, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisining o‘rinbosari M. Nurmatova hamda Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktorining o‘rinbosari D.Muratova kirdi.
Mazkur tadbir keksa yoshdagi ayollar huquqlarini himoya qilish va adolatli ijtimoiy hamda huquqiy siyosatni ilgari surish bo‘yicha global yondashuvlarni muhokama qilish uchun muhim platforma bo‘ldi.
Davra suhbatida ishtirokchilar keksa yoshdagi ayollar oldida turgan dolzarb muammolarni muhokama qildilar. Jumladan, yoshga oid diskriminatsiya, sog‘liqni saqlash xizmatlari, ijtimoiy xizmatlar va adliya imkoniyatlaridan foydalanish borasida cheklanganlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, ijtimoiy muhofaza va pensiya ta’minoti dasturlariga gender yondashuvni integratsiya qilish zarurligi ta’kidlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va ayollar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari M. Nurmatova o‘z ma’ruzasida mamlakatimizda keksa yoshdagi ayollarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berdi. U ijtimoiy muhofazaning huquqiy va institutsional asoslarini mustahkamlash, munosib pensiya ta’minotini ta'minlash hamda keksa yoshdagi ayollarning ijtimoiy-iqtisodiy hayotdagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan islohotlarning ahamiyatini alohida ta'kidladi.
O‘zbekiston delegatsiyasi keksa yoshdagi ayollar uchun mavjud to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan milliy tajriba va tashabbuslar bilan ham o‘rtoqlashdi. Xalqaro amaliyotdagi ilg‘or yondashuvlarni o‘rganish va ularni milliy darajada joriy etish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Mamlakatimiz delgatsiyasining ushbu tadbirdagi ishtiroki O‘zbekistonning barcha yoshdagi ayollar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan kompleks siyosatni rivojlantirishga, keksa yoshdagi ayollarning ijtimoiy va iqtisodiy ahvolini mustahkamlashga hamda xalqaro maydonda tajriba va eng yaxshi amaliyotlar bilan almashishga sadoqatini aks ettirdi.
Vazirlar darajasidagi uchrashuv keksa yoshdagi ayollar huquqlarini ta'minlash nafaqat ijtimoiy adolat masalasi, balki barqaror rivojlanish va jamiyat farovonligini ta'minlashning muhim strategik omili ekanini yana bir bor tasdiqladi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazini matbuot xizmati.