Oʻzbekiston delegatsiyasi Budapeshtda “Qurultay” VIII turkiy xalqlar madaniy-etnografik festivalida ishtirok etdi

    Oʻzbekiston madaniyat sohasi vakillaridan iborat mamlakatimiz delegatsiyasi Vengriyada oʻtkazilgan “Qurultay” VIII turkiy xalqlar madaniy-etnografik festivalida qatnashdi.

    Festivalda, shuningdek, Vengriya Milliy Assambleyasi, Turkiy davlatlar tashkiloti, TURKSOY, TURKPA va boshqa tashkilotlar mutasaddilari hamda turkiy xalqlar vakillari ishtirok etdi.

    Oʻzbekiston delegatsiya tomonidan oʻtkazilgan muzokaralar natijasida mamlakatimiz bilan hamkorlikni chuqurlashtirish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, xususan, Vengriyada Oʻzbekiston madaniyati kunlarini oʻtkazish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

    Festival doirasida turli xil madaniy tadbirlar, konsert dasturlari, ikki va koʻp tomonlama uchrashuvlar, sport musobaqalari tashkil etildi.

    Oʻzbekiston sanʼat ustalarining chiqishlari, xususan, milliy maqom qoʻshiqlari va baxshilar termalari tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olindi.

    Tadbir doirasida “Buxoro bozori” nomli koʻrgazma va Buyuk ipak yoʻli karvon saroylari tashkil etildi. Unda turkiy xalqlarning noyob ekspozitsiyalari taqdim etildi. Asosiy stendda oʻzbekistonlik hunarmandlar oʻzlarining eng yaxshi asarlarini koʻrsatishdi.

    Koʻrgazma mehmonlari oʻzbek miniatyura sanʼati namunalari, kulolchilik, yogʻoch va metalldan yasalgan mahsulotlar, zargarlik buyumlari, qoʻlda tikilgan kashtalar va boshqa oʻzbek amaliy sanʼati asarlarini tomosha qilish imkoniga ega boʻldilar.

    Festival ishtirokchilari nafaqat noyob sanʼat asarlarini koʻrishlari, balki ularni xarid qilishlari uchun ham imkoniyat yaratildi.

    “Qurultay” doirasida taʼlim forumi ham oʻtkazildi. Unda taʼlim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama etildi va akademik almashinuvlar, ikki tomonlama diplom berish dasturlari, qoʻshma ilmiy loyihalarni rivojlantirishga eʼtibor qaratildi. Ishtirokchilar fan, texnika va madaniyat sohasida tajriba hamda bilim almashishga qaratilgan yangi taʼlim tashabbuslarini qoʻllab-quvvatladilar, deb xabar beradi “Dunyo” AA.