Dastlab, delegatsiyalar rahbarlari Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov qabulida boʻldi.

Uchrashuvda YEOII doirasida asosiy etiborni savdo-iqtisodiy, transport-logistika, turizm sohalarini rivojlantirishga qaratish lozimligi, Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda mazkur formatdagi muloqot muhim ahamiyatga egaligi taʼkidlandi.

Shundan soʻng, hukumatlar delegatsiyalari rahbarlarining kengaytirilgan tarkibda muzokaralari boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston tomoni kuzatuvchi davlat maqomi Oʻzbekistonga Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqidagi (YEOII) integratsiya jarayonlarini xolislik bilan va har tomonlama oʻrganish, yana-da yaqin hamkorlik uchun yangi imkoniyatlarni ochish imkonini beradi.

Taʼkidlandiki, bugungi kunda Oʻzbekistonda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi aʼzo mamlakatlar bilan iqtisodiyotning koʻplab tarmoqlarida qoʻshma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, koronavirus pandemiyasi davrida oʻzaro tajriba almashish va hamkorlikni kuchaytirish taklif etildi.

Markaziy Osiyo mintaqasida transport imkoniyatlaridan keng foydalanish tashabbusi ilgari surildi. Mazkur sohani raqamlashtirish mamlakatlar salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Matbuot xizmati