Hindiston, Pokiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya, Xitoy, Tojikiston va O‘zbekiston tashqi siyosiy idoralari rahbarlari ShHT Bosh kotibi va ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi direktori ishtirokida tashkilotning bo‘lajak yubiley sammitiga tayyorgarlik jarayonini muhokama qildilar.

Vazirlar ShHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashi yig‘ilishi kun tartibi loyihasini va majlisida imzolash uchun taklif qilingan hujjatlarni ko‘rib chiqdilar.

So‘nggi 20 yil ichida ShHT nufuzli xalqaro tuzilishga aylanib, zamonaviy davlatlararo aloqalar tizimini mustahkamlashda munosib ishtirok etayotgani alohida ta’kidlandi.

Tashkilot faoliyatini, shu jumladan, ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasini yanada kengaytirish va rivojlantirish bo‘yicha fikr almashildi.

Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy xarakterdagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

***

Delegatsiyalar rahbarlarini Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon ham qabul qildi.

Uchrashuvda joriy yilning sentabr oyida bo‘lib o‘tadigan ShHTning Dushanbe sammiti yakunlari bo‘yicha Tashkilotga raislik O‘zbekiston tomoniga o‘tishi munosabati bilan O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov ShHTga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashi nomidan nutq so‘zladi.

O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari Tojikistonning Tashkilotga raislik qilgan davridagi samarali ishlarini yuqori baholadi.

A.Kamilov o‘z nutqida o‘zaro aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb jihatlarini, ShHTga a’zo davlatlarning ko‘p tomonlama hamda ikki tomonlama shakldagi hamkorlik va sheriklik jarayonida erishilgan ulkan ijobiy yutuqlarni qayd etdi.