Unda Oʻzbekiston Oliy Majlisi delegatsiyasi tarkibida Senat aʼzosi Gulnora Marufova hamda 51 davlatdan 240 dan ortiq parlament aʼzosi ishtirok etdi.
Parlament assambleyasining yigʻilishlarida asosiy eʼtibor parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, ekologiya, energetika va barqaror rivojlanish masalalariga qaratildi.
Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolari mamlakatimizda “yashil” iqtisodiyotni faol rivojlantirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini integratsiya qilish boʻyicha strategik istiqbollarga bagʻishlangan maʼruza bilan soʻzga chiqdi. Shuningdek, ekologik xavfsizlikni mustahkamlash va energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan aniq qadamlar va tashabbuslar bildirildi.
Assambleyaning ikkinchi kuni Oliy Majlis delegatsiyasi aʼzolarining chiqishlarida Oʻzbekistonda boʻlib oʻtgan parlament saylovi mamlakatning siyosiy rivojlanishida muhim qadam boʻlgani taʼkidlandi. Shuningdek, xalqaro tashkilotlarning, shu jumladan, YEXHT Parlament assambleyasi delegatsiyasining ushbu siyosiy tadbirda xalqaro kuzatuvchi boʻlib ishtirok etgani ushbu saylovning muhimligi va shaffofligini koʻrsatgani qayd etildi.
Qishki sessiya chogʻida Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolari Markaziy Osiyo mamlakatlari delegatsiyalari va YEXHTning Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili bilan birga davra suhbatida ishtirok etdi hamda qator ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazdi.