Festival “Mudexares” jamoatchilik madaniyat markazi tomonidan oʻtkazilmoqda. Anjumanga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayonida mamlakatimiz elchixonasi tomonidan katta hajmdagi ishlar amalga oshirildi.
Oʻzbekistonga bagʻishlangan tadbir ispan va oʻzbek xalqlari uchun katta madaniy voqea boʻldi. Fetival 160-yildan koʻproq vaqt davomida oʻtkazilib kelinmoqda va u butun dunyodan yuz minglab sayyohlarni oʻziga jalb qilmoqda.
Dasturda milliy liboslar, anʼanaviy kashtachilik (soʻzana) mahsulotlari va xalq raqslari namoyishi, fotokoʻrgazma, amaliy sanʼat yarmarkasi, oʻzbek taomlarini tatib koʻrish marosimi tashkil etildi, shuningdek, simfonik orkestrning “Samarqand”, “Fargʻona” va “Ulugʻbek” musiqiy kompozitsiyalari kiritilgan dasturi sanʼat muxlislari eʼtiboriga havola qilindi. Kompozitsiyalar mashhur ispan kompozitori Saul Gomes Soler tomonidan yozilgan boʻlib, muallif ushbu asarlarni Samarqandning qadimiy tarixi, Fargʻona vodiysi ikati va Mirzo Ulugʻbek hukmronligidan ilhomlanib qogʻozga tushirgan.
Festivalda Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyati va madaniy merosini taqdim qilish uchun Ispaniyadagi tadbir tashkilotchilari homiyligida oʻzbek hunarmandlari va modelyerlari tomonidan 600 ta milliy va tarixiy liboslar tayyorlandi. Anjumanda atoqli davlat arbobi, Temuriylar saltanatining asoschisi Amir Temur timsoli ham namoyish etildi.