Muzey dunyoviy va diniy bilimlarni o‘zida mujassam etgan, shuningdek,  mavjud eksponatlarda astronomiya olami va Qurʼonda keltirilgan oyatlarning qiyosiy tahlili o‘z aksini topgan.

Tarixiy majmua to‘rt qavatdan iborat bo‘lib, 600 metr balandlikda joylashgan. Muzeyda sayyohlar galaktika modellari va astronomiya mavzusidagi eksponatlarni tomosha qilishlari mumkin. Shuningdek, muzeyning tomosha maydonchasidan “Kaʼba” ziyoratchilarini yuqoridan ko‘rish imkoniyati ham mavjud.

Shunisi eʼtiborga loyiqki, Makkaning soat minorasi dunyodagi eng baland bino bo‘lib, «Big Ben» deb nomlanuvchi Vestminsterdagi London minorasidan ham balanddir.

Minora soati 100 million elementdan iborat shisha mozaika bilan qoplangan bo‘lib, u yomg‘ir va shamoldan himoya qilinadi.

O‘zbekiston delegatsiyasi muzey arxitekturasi va eksponatlari bilan yaqindan tanishib, Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasidagi yangi muzeyda ham galaktika modellari va astronomiya mavzusida foto va video kontent yaratish g‘oyasini ilgari surdi.

O‘zbekiston delegatsiyasi uchun Saudiya tomoni Hiro madaniyat mavzesini namoyish etdi. Ushbu mavze Saudiya tomonidan yangi amalga oshirilayotgan loyiha bo‘lib, ushbu hudud «Tashrif buyuruvchilar markazi», «Qurʼoni Karim muzeyi», «Madaniy kutubxona», «Sur tog‘idagi Vahiy muzeyi», «Saudiya qahvasi muzeyi», «Hiro bog‘i» va turli savdo do‘konlarini o‘z ichiga oladi.

«Qurʼoni Karim muzeyi» Makkada Hiro tog‘i yonida joylashgan va Qurʼoni Karimga ixtisoslashgan birinchi majmua hisoblanadi. Muzey Allohning Kitobi bilan tanishtiradi va Qurʼonning musulmonlar hayotiga sezilarli taʼsirini namoyish etadi. Bu yerda, shuningdek, qator zamonaviy texnologiyalar va o‘ziga xos osori-atiqalar, Qurʼoni Karimning eng bebaho qo‘lyozmalari to‘plami mavjud.

“Vahiy” muzeyida esa kutib olish zali, payg‘ambarlar va vahiy pavilyoni, Muhammad (SAV) payg‘ambarga bag‘ishlangan bo‘lim, Hiro g‘ori pavilyoni, Hiro g‘orining real modeli, mo‘minlarning onasi bo‘lmish Xadicha ona haqidagi xona, farishta Jibroil pavilyoni joylashgan.

Muzeyning barcha bo‘linmalarida interaktiv usulda namoyish etuvchi audio-vizual monitorlar mavjud bo‘lib, ular payg‘ambarlarga vahiy kelishi, xususan, Muhammad (SAV)ga nozil qilingan vahiy qissasi va ularning siyratlari to‘g‘risida hikoya qiladi.

«Saudiya qahvasi muzeyi»da Saudiya Aradistoni madaniyatining asosiy tarkibiy qismi bo‘lgan hamda mehmondo‘stlik va saxiylik ramzi hisoblangan Podshohlikning o‘zi xos qahvasi namoyish etiladi. Bu yerga kelgan ziyoratchilar Saudiya Arabistonining turli mintaqalarida «Saudiya qahvasi»ni tayyorlashda ishlatiladigan turli ingrediyentlar va usullar bilan yaqindan tanishishlari mumkin.

«Hiro madaniyat mavzesi» loyihasi orqali Saudiya Arabistoni Hukumati Podshohlikning tarixiy madaniyatini dunyo hamjamiyatiga namoyish etishga katta ahamiyat berayotgani qayd etildi.