Oʻzbekiston delegatsiyasi “Markaziy Osiyo – Xitoy” shaklidagi tashqi ishlar vazirlarining uchinchi uchrashuvida ishtirok etadi

    Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov 8-iyun kuni Nur-Sulton shahrida boʻlib oʻtadigan “Markaziy Osiyo – Xitoy” shaklidagi uchinchi vazirlar uchrashuvida ishtirok etadi.

    TIV maʼlumotiga koʻra, tadbir davomida tomonlar diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi munosabati bilan 2022-yil 25-yanvar kuni boʻlib oʻtgan “Markaziy Osiyo – Xitoy” onlayn-sammitida davlatlar rahbarlari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish yoʻllari, shuningdek, siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, transport va madaniy-gumanitar sohalardagi koʻp tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qiladi.

    Tashrif doirasida turli davlatlar delegatsiyalar rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar ham rejalashtirilgan.

    Eslatib oʻtamiz, “Xitoy – Markaziy Osiyo” shaklidagi ikkinchi vazirlar uchrashuvi 2021-yil 12-may kuni Sian (Xitoy) shahrida oʻtkazilgan edi. TIV rahbarlari uchrashuvda oʻzaro ishonchni mustahkamlash, tomonlar uchun manfaatli hamkorlikni yanada ilgari surish, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, transport yoʻlaklari bogʻliqligiga koʻmaklashish va uzluksiz savdoga keng yoʻl ochish, mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash hamda zamonaviy chaqiriq va tahdidlarga qarshi kurashish borasidagi munosabatlarni chuqurlashtirishga oid dolzarb masalalarni muhokama qilgan edi.