Oʻzbekiston delegatsiyasi Mayamidagi “WTE Miami” koʻrgazmasida ishtirok etyapti

    Turizm 23 Oktabr 2024 637

    21-23-oktyabr kunlari Oʻzbekiston delegatsiyasi har yili oʻtkazib kelinadigan AQSHning eng nufuzli koʻrgazmalaridan biri boʻlgan Miami World Travel Expo (WTE Miami) koʻrgazmasida ishtirok etyapti.

    Maqsad — Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyatini targʻib etish, sarmoya jalb etish va turizm sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirishdan iborat. Koʻrgazma davomida delegatsiya mamlakatning turli turistik yoʻnalishlari, madaniy diqqatga sazovor joylari va oʻziga xos anʼanalarini namoyish etadi.

    Bundan tashqari, xorijiy hamkorlar bilan uchrashuvlar oʻtkazish, turizm infratuzilmasini rivojlantirish istiqbollarini muhokama etish va turizm sohasidagi yetakchi jahon ishtirokchilari bilan tajriba almashish rejalashtirilgan.

    Shuningdek, delegatsiya Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiluvchi turizmdagi zamonaviy tendensiyalarga bagʻishlangan davra suhbatlari va seminarlarda ishtirok etyapti.

    Shu bilan birga koʻrgazmada Toshkent, Samarqand va Xorazm viloyatlaridan tashrif buyurgan turoperatorlar, ovqatlanish va mehmonxona vakillari, hunarmandlar oʻzlarining mahsulotlarini taqdimotlarini oʻtkazdilar.

    “WTE Miami” koʻrgazmasi vakilining soʻzlariga koʻra, tadbirda 3000 dan ortiq ishtirokchilar, 40 dan ortiq maʼruzachilar, 60 dan ortiq mamlakat vakillari, 400 dan ortiq stendlar va 120 dan ortiq OAV vakillari tashrif buyurgan, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.