Qayd etilishicha, ushbu festivalda Oʻzbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.
Taʼkidlash joizki, ushbu nufuzli xalqaro anjumanda Oʻzbekiston delegatsiyasiga koʻrsatilayotgan yuksak eʼtibor va ehtirom shunchaki madaniy tadbir doirasidagi mehmondoʻstlik emas, balki Oʻzbekiston va Xitoy Xalq Respublikasining oʻzaro keng qamrovli strategik sherikligi ifodasi hamda ikki davlat rahbarlari oʻrtasidagi yuksak ishonch va oʻzaro hurmatga asoslangan doʻstona munosabatlarning amaliy natijasi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Darhaqiqat, soʻnggi yillarda davlatimiz rahbarining oqilona tashqi siyosati tufayli ikki mamlakat aloqalari sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga koʻtarildi. Bugungi kunda mazkur hamkorlik madaniy-gumanitar sohalarda ham oʻzining yuksak samaralarini bermoqda. 32 milliondan ortiq aholiga ega Chunsin kabi ulkan megapolisda, jahonning oʻnlab davlatlari vakillari jamlangan festivalda Oʻzbekiston delegatsiyasiga faxriy mehmon sifatida alohida eʼtibor qaratilayotgani, anjuman davomida qayta-qayta tilga olinayotgani buning yaqqol dalilidir.
“Texnologiya va film – SHHT jozibasi“ shiori ostida oʻtayotgan kinofestivalning tantanali ochilish marosimi raqamli texnologiyalar, yorugʻlik dizayni va jonli ijroning uygʻunligidagi haqiqiy sanʼat va texnologiyalar shousiga aylandi. Simfonik orkestr, balet va zamonaviy raqs guruhlarining chiqishlari SHHT makonining boy madaniy rang-barangligini namoyish etib, tadbirga oʻzgacha shukuh bagʻishladi.
Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi direktori Shuhratulla Rizayev boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari nafaqat festival ishtirokchisi, balki ardoqli mehmonlar sifatida eʼtirof etilmoqda. Ochilish marosimida soʻzga chiqqan Sh. Rizayev oʻz nutqida bu kabi madaniy anjumanlar kino sanʼati orqali xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik rishtalarini mustahkamlash, oʻzaro ishonch va madaniy almashinuvni kuchaytirish uchun beqiyos ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi. Shuningdek, u davlatimiz rahbarining eʼtibori bilan Oʻzbekistonda milliy kinematografiyani rivojlantirish uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar tufayli oʻzbek kinosi xalqaro maydonda munosib oʻrin egallayotganini faxr bilan qayd etdi.
Festival dasturi doirasida Oʻzbekiston delegatsiyasi tomonidan “Bahorni quvib“, “Uzum“, “Urush hali tugamagan“, “Aktrisa“ va “Uyga qaytish“ kabi bir qator sara badiiy filmlar namoyish etilmoqda. Ushbu filmlar orqali xalqaro tomoshabinga oʻzbek xalqining boy maʼnaviyati, betakror madaniyati va zamonaviy jamiyatning dolzarb jihatlarini yuksak badiiy mahorat bilan taqdim etish maqsad qilingan.
Kinofestival nafaqat filmlar namoyishi, balki SHHTga aʼzo davlatlar kinoijodkorlari uchun muhim muloqot platformasi vazifasini ham oʻtamoqda. Unda sohadagi yangi tendensiyalar, texnologik yutuqlar, yosh isteʼdodlarni qoʻllab-quvvatlash va hamkorlikda yangi loyihalarni amalga oshirish masalalari keng muhokama qilinmoqda.
Oʻzbekiston delegatsiyasining ushbu jarayonlardagi faol ishtiroki mamlakatimizning boy sanʼat anʼanalari va zamonaviy ijodiy salohiyatini yana bir bor namoyon etmoqda.
Xulosa qilib aytganda, mazkur anjuman mamlakatimizning xalqaro maydonda mustahkamlanib borayotgan nufuzi va madaniy diplomatiyaning yorqin namunalaridan biri boʻlib, ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarining rivojiga salmoqli hissa qoʻshishi bilan ahamiyatlidir.
Festival davom etmoqda.











