Tashrifning dastlabki kunida Ta'lim inspeksiyasi boshlig'i Ulug'bek Tashkenbayev boshchiligidagi delegatsiya a'zolari Finlyandiyaning Ta'lim va madaniyat vazirligi rahbariyati bilan uchrashishdi.
Uchrashuv davomida Finlyandiya Ta'lim va madaniyat vazirligi vakillari ta'lim sohasidagi davlat boshqaruvi tizimi bo'yicha taqdimot o'tib berishdi. Shuningdek, tomonlar fin ta'lim tajribasini o'rganish yuzasidan hamkorlik aloqalarining bugungi kundagi holati va istiqboldagi rejalarni muhokama qilishdi.
Qayd etish lozim, 2020-yil 30-oktyabrda kuni mamlakatimizda ta'lim-tarbiya tizimini takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirish masalalari muhokamasi bo'yicha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida ta'lim sifatini oshirishda rivojlangan mamlakatlarning ilg'or tajribalarini o'rganish bo'yicha vazifalar belgilanib, bu borada Finlyandiya tajribasi misol qilib keltirilgandi.
Shuningdek, Prezidentimizning 2020-yil 6-noyabrdagi «Ta'lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi qarorda ham Finlyandiyaning ta'lim sohasidagi tajribasini, shu jumladan o'quv dasturlari, darsliklari, o'qitish metodikalari va pedagog kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini xorijga xizmat safarini tashkil etgan holda o'rganib chiqish bo'yicha aniq vazifalar belgilangan.
Bundan tashqari, tashrifning bugungi kun dasturidan Finlyandiyaning qabul imtihonlari byurosi faoliyatini o'rganish, maktab darsliklari bilan tanishish hamda kitoblarni chop etuvchi noshirlar bilan uchrashuvlar o'tkazish, shuningdek, 3-11 yoshdagi bolalarning aniq fanlar bo'yicha imtihonlarini kuzatish kabi tadbirlar o'rin olgan, deya xabar beradi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi matbuot xizmati.