Vengriya farmbozorida nufuzli o‘rinda turuvchi mazkur kompaniya 1963-yilda tashkil etilgan bo‘lib bugungi kunga qadar 212 nomdagi dori vositalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan. Uning faoliyati farmasevtik ishlab chiqarishning barcha sohalarida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlaridan boshlab, faol moddalar va sotish uchun tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishgacha bo‘lgan yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Uchrashuv davomida O‘zbekistonda mazkur kompaniya mahsulotlarini soddalashtirilgan tartibda ruyxatdan o‘tkazish va sertifikatlashtirish masalalari bo‘yicha "EGIS" kompaniyasi tijoriy direktori Tamash Urining bir qator savollari yuzasidan vakillarimiz atroflicha tushuntirish berishdi.
O‘z navbatida, Farmasevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi rahbari Mirzoxidjon Qodirov dori vositalarining sifat ko‘rsatgichi, xavfsiz va samaradorligi aholi salomatligini asrashda dolzarb masala ekanligini qayd etgan holda, yurtdoshlarimizni arzon, sifatli, xavfsiz va bezarar dori vositalari bilan ta’minlashda Markazning tutgan o‘rni haqida to‘xtalib o‘tdi.
Shuningdek, Tamash Uri joriy yilning sentyabr oyida kompaniya rahbariyati yurtimizga tashrif buyurishi haqida ma’lum qilib, sohada Vengriya va O‘zbekiston aloqalarining yanada mustaxkamlanishidan mamnunligini bildirdi.