баннер
24 Apr 2025
00:58

    Oʻzbekiston dunyo grafit sanoati markazida

    Oʻzbekiston texnologik metallar kombinati (OʻzTMK) Evropa ilgʻor uglerod va grafit materiallari uyushmasining toʻlaqonli aʼzosi boʻldi.

    Qayd etilishicha, shu vaqtga qadar uyushmaga dunyoning 33 ta mamlakati aʼzo boʻlib, ulardan 14 tasi toʻlaqonli aʼzo hisoblanadi. Markaziy Osiyo davlatlaridan Oʻzbekiston ham assotsiatsiyaning toʻlaqonli aʼzosi boʻlgani mamlakatning texnologik metallar sohasidagi imkoniyatlari, mintaqaviy yetakchilik pozitsiyasi va ilmga asoslangan sanoat yondashuvi xalqaro hamjamiyat tomonidan yuqori baholanganini anglatadi.

    Yevropa ilgʻor uglerod va grafit materiallari uyushmasi Yevropaning eng ilgʻor texnologik markazlari, sanoat yetakchilari va ilmiy-tadqiqot institutlarini birlashtirgan nufuzli platformadir. Uyushma faoliyati asosan grafit, uglerod materiallari va ularning sanoatda qoʻllanilishiga yoʻnaltirilgan.

    Ushbu uyushma aʼzoligi Oʻzbekiston texnologik metallar kombinatiga quyidagi yoʻnalishlarda real imkoniyatlar yaratadi:

    • Yevropaning yetakchi ilmiy markazlari, laboratoriyalari va sanoat klasterlari bilan doimiy hamkorlik;
    • Grafit va uglerod materiallari boʻyicha ilgʻor texnologiyalar transferi va ularni Oʻzbekiston sharoitiga moslashtirish;
    • Xalqaro standartlar asosida kadrlar tayyorlash va malaka oshirish dasturlarida ishtirok;
    • Innovatsion tadqiqotlar va ishlab chiqish loyihalarida bevosita ishtirok;

    Yashil texnologiyalar va ekologik barqarorlik yoʻnalishlarida tajriba almashinuvi va xalqaro yondashuvlarni joriy etish.

    — Kompaniyangizni ushbu nufuzli uyushmadagi aʼzolik bilan chin qalbdan muborakbod etamiz. Biz boshlangan hamkorlik aloqalarini yuksak qadrlaymiz va uning kelgusida yanada mustahkamlanishiga ishonamiz. Agar birgalikdagi hamkorligimiz izchil davom etsa, bu Yevropa Ittifoqi uchun strategik resurslar taʼminotida muhim oʻrin egallashi mumkin deb hisoblaymiz. Ushbu platforma texnologik taraqqiyot, sanoat integratsiyasi va bilim almashinuvi borasida katta imkoniyatlar yaratadi, – deydi uyushma bosh kotibi Korina Hebestreyt.
    Telegram kanalimiz
    Text to speech