Oʻzbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi Hukumat hisobotini tanqidiy koʻrib chiqdi

    Mamlakatimizda 27 Iyul 2021 977

    Joriy yil 26-iyulda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Unda Vazirlar Mahkamasining 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2021-yilning I yarim yilligida bajarilishi yuzasidan hisoboti koʻrib chiqildi.

    Fraksiya aʼzolari 2021-yilga moʻljallangan Davlat dasturi doirasida ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash borasida qilingan ishlarni ijobiy baholadilar.

    Shu bilan birga, xalq vakillari aholining toza ichimlik suviga boʻlgan ehtiyojini taʼminlash borasida olib borilayotgan ishlar bilan ham qiziqdi.

    Qayd etilishicha, olis qishloqlarga ichimlik suvini tashib yetkazib berish uchun har birining hajmi 25 metr kub boʻlgan 100 ta suv tashish mashinasini olib kelish boʻyicha shartnoma imzolangan va ular joriy yilning 1-avgustiga qadar toʻliq olib kelinadi.

    Yigʻilishda deputatlar tomonidan joriy yilgi Davlat dasturi bandlarining ijrosi, ayniqsa, ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalariga qaratilgan bandlarning bajarilishiga alohida eʼtibor qaratildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-fevraldagi tegishli farmonining 24-bandida belgilangan har bir kesilgan daraxt va butalar uchun kompensatsiya tarzida koʻchat ekish hamda ularni kamida ikki yil davomida parvarish qilish, noqonuniy kesilgan daraxt va butalar uchun esa uch yil davomida parvarishlash sharti bilan koʻchat ekish majburiyati boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi yetarli darajada emasligi qayd etildi.

    Deputatlarning aytishicha, Davlat dasturining 123-bandiga koʻra, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Obodonlashtirish boshqarmalari tarkibida daraxt va butalarni himoya qilish boʻlimlarini tashkil etish masalasini yuzasidan amalga oshirilgan ishlar qoniqarli darajada tashkil etilmagan. Bu esa fuqarolarning haqli eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda.

    Muhokamalar davomida Dastur ijrosini toʻliq va sifatli bajarilishi borasida amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar atroflicha muhokama qilinib, bu boradagi ishlarni kelgusida ham davom ettirish yuzasidan zarur taklif va tavsiyalar berildi.

    Yigʻilishda Davlat dasturi bajarilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti maʼqullandi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.