Joriy yil 28-aprelda ikkinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov va BMT Bosh kotibining oʻrinbosari, Yevropa iqtisodiy komissiyasi Ijrochi kotibi Olga Algayerova xonim oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda J.Mirzamahmudov yurtimizda energetika sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini, shuningdek, vodorod energetikasini rivojlantirish, energiya tejamkorlik kabi masalalar boʻyicha maʼlumot berdi.
Uchrashuv davomida bir qator masalalar muhokama etildi. Jumladan:
— Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) Resurslarning asosli tasnifi (UNFC) bilan tanishish va BMTning Resurslarni boshqarish tizimini (UNRMS) ishlab chiqishda Oʻzbekiston ekspertlarini jalb etish imkoniyatlarini oʻrganish.
Olga Algayerova xonim bugungi kunda dunyoning 56 mamlakati UNFC dasturlarini ishlab chiqishda faol ishtirok etayotganini taʼkidladi.
— Qayta tiklanuvchi energiya manbalari uchun qazilma noyob metallarni qazib olish va ishlab chiqarish. Unga koʻra, bugungi kunda jahon bozorida qayta tiklanuvchi energiya manbalariga talab sezilarli darajada ortib borayotgan paytda ularni ishlab chiqarish uchun metall taqchilligi va qayta tiklanuvchi energiya manbalari uchun metall resurslardan samarali foydalanish dolzarb masalalardan biri boʻlib qolyapti.
Uchrashuv yakunida Olga Algayerova xonim yuqoridagi ikki yoʻnalish boʻyicha oʻzbekistonlik ekspertlarni dastur bilan batafsil tanishish uchun Shveysariyaning Jeneva shahriga taklif qildi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.