Unda o‘zaro savdoni kengaytirish va AQSh investitsiyalarini ichki iqtisodiyotga jalb etish, akademik almashuvlar, shuningdek, munitsipalitetlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish masalalari muhoka qilindi.
Suhbat avvalida elchi gubernatorga mamlakatimizning iqtisodiy salohiyati, amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar va islohotlar, zamonaviy O‘zbekistonning ustuvor vazifalari, mamlakat iqtisodiyotida xorijiy biznes vakillarining ishtirokini kengaytirish, shuningdek, ular uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida maʼlumot berdi. Gubernatorning asosiy eʼtibori O‘zbekiston mintaqalari bilan hamkorlik geografiyasini kengaytirish, AQShning yirik shtatlari bilan sheriklik aloqalarini mustahkamlash, shuningdek, amerikalik investorlarning mamlakatimizda tadbirkorlik faolligini oshirishga qaratildi.
Shtat rahbari AQSh va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi surʼatini olqishladi. Shu nuqtai nazardan, u Indiana shtati va O‘zbekiston o‘rtasidagi har tomonlama hamkorlikni kengaytirishga ko‘mak berishga tayyor ekanligini tasdiqladi.
Erik Xolkomb taʼkidlaganidek, Indiana geografik jihatdan dengiz yo‘llaridan uzoqda joylashgan bo‘lib, bu xalqaro savdo narxiga salbiy taʼsir qiladi. Shu bois shtat hukumati o‘zining «Amerika chorrahasi»ga aylanib, sharqiy va g‘arbiy qirg‘oqlar o‘rtasidagi ko‘prik sifatidagi markaziy roliga eʼtibor qaratuvchi o‘ziga xos siyosatini ishlab chiqdi. Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, transport-logistika almashuvini tizimli rivojlantirishga katta sarmoya kiritilishi tufayli Indiana mahalliy va xorijiy kompaniyalar o‘rtasida infratuzilmaning jozibadorligi bo‘yicha AQSh shtatlari orasida birinchi o‘rinda turadi.
Shu nuqtai nazardan, gubernator O‘zbekiston Buyuk Ipak yo‘lining asosiy manzillaridan biri sifatidagi tarixiy ahamiyatiga eʼtibor qaratar ekan, respublikaning Markaziy Osiyo orqali savdo yo‘llarini samarali yo‘lga qo‘yish borasidagi salohiyati katta ekanligini maʼlum qildi.
Shtat gubernatori elchixonaning Indiana universiteti bilan akademik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish tashabbusini ham qo‘llab-quvvatladi. Taʼkidlanishicha, ushbu universitetda AQShning boshqa universitetlariga qaraganda ko‘proq chet tillari (80 dan ortiq tillar), jumladan, o‘zbek tili qariyb 40 yil davomida o‘qitilmoqda. Gubernator taʼkidlaganidek, mazkur oliy taʼlim muassasasi Amerikaning yetakchi tadqiqot universitetlaridan biri bo‘lib, kampuslari va tibbiyot markazlari butun shtat bo‘ylab joylashgan.
Gubernator Erik Xolkomb bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar natijasida O‘zbekiston bilan Indiana shtati o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, ikki davlat ishbilarmon doiralari va universitetlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish va kengaytirish maqsadida muloqotni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Eslatib o‘tamiz: Indiana AQShning 50 shtatlari orasida hududi bo‘yicha 38-o‘rin va aholi soni bo‘yicha (6,8 million kishi) 17-o‘rinda turadi. Indiana 352,6 milliard dollarlik mintaqaviy mahalliy mahsulotga ega bo‘lgan diversifikatsiyalangan iqtisodiyotga ega. Shtat daromadining yuqori foizi ishlab chiqarishdan keladi. Mehnat statistikasi byurosi maʼlumotlariga ko‘ra, shtatda qishloq xo‘jaligidan tashqari ishchi kuchining qariyb 17 foizi ishlab chiqarishda mehnat qildi, bu AQSh shtatlari orasida eng yuqori ko‘rsatkichdir. Shtat eksportining eng yirik beshligiga avtomobillar va ularning ehtiyot qismlari, farmatsevtika mahsulotlari, sanoat, optik, tibbiyot hamda elektr jihozlari kiradi.