Ishonch yorlig'ini topshirish munosabati bilan tashkil etilgan marosim Hindiston Tashqi ishlar vazirligida videokonferentsiya shaklida bo'lib o'tdi.

Onlayn murojaat paytida Ram Nath Kovind koronavirus pandemiyasini hisobga olgan holda, Hindiston tomoni videokonferensaloqa orqali ishonch yorliqlarini topshirish marosimini oʻtkazish amaliyotini joriy etganini taʼkidladi.

Uning qayd etishicha, hozirda Hindiston pandemiya oqibatlariga qarshi kurashishda faol harakatlarni amalga oshirmoqda. COVID-19 vaksinasini ishlab chiqish boʻyicha jadal ishlar olib borilmoqda va dori-darmonlar koʻrinishida insonparvarlik yordami taqdim qilish orqali qator sherik davlatlarga amaliy yordam koʻrsatilmoqda.

Hindiston davlati rahbari, shuningdek, 2021-2022-yillarda BMT Xavfsizlik kengashining doimiy boʻlmagan aʼzoligiga Hindiston nomzodini qoʻllab-quvvatlagan barcha davlatlarga, shu jumladan Oʻzbekiston tomoniga samimiy minnatdorlik bildirdi.

Prezident ikki tomonlama munosabatlarga toʻxtalar ekan, davlatimiz rahbarining 2018-yilning 30-sentabr – 1-oktabr kunlari Hindistonga davlat tashrifi, uning doirasidagi uchrashuvni esladi. U Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga samimiy tabriklari va eng ezgu tilaklarini yoʻlladi.

Hamkor mamlakat rahbari, shuningdek, Hindiston va Oʻzbekiston koʻp asrlik umumiy tarixga ega, oʻzaro munosabatlar yaqin va doʻstona rishtalar bilan bogʻlangan strategik sheriklar ekanini taʼkidladi. Soʻnggi yillarda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli va samarali hamkorlik, xususan, sarmoyaviy, qishloq xoʻjaligi, taʼlim, madaniyat va harbiy sohalarda jadal rivojlanmoqda.

Marosimda, shu bilan birga, Buyuk Britaniya va Yangi Zelandiya elchilari ham ishonch yorliqlarini topshirishdi.