Oʻzbekiston elchisi ITB guruhi prezidenti bilan uchrashdi

    Investitsiyalar 27 Mart 2021 300

    Oʻzbekiston elchisi ITB guruhi prezidenti bilan hamkorlik istiqbollari va Toshkentda birgalikda oʻtkaziladigan tadbirga tayyorgarlik masalalarini muhokama qildi.

    Oʻzbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchisi Ulugʻbek Maqsudov Jidda shahrida joylashgan Islom taraqqiyot banki (ITB) bosh qarorgohida ITB guruhi prezidenti Bandar Hajar bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda oʻzaro munosabatlarni rivojlantirishning istiqbolli yoʻnalishlari va Toshkentda boʻlib oʻtadigan ITB Boshqaruvchilar kengashining 46 yillik yigʻilishiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.

    Tomonlar Oʻzbekiston va ITB oʻrtasida amalga oshirilayotgan turli darajadagi hamkorlikni yuqori baholadi. Bugun ITB tomonidan Oʻzbekiston uchun tasdiqlangan imtiyozli kreditlarning umumiy hajmi 2,4 milliard dollarni tashkil etadi. Bankning Oʻzbekistondagi mablagʻlar portfeli iqtisodiyotning turli sohalari, xususan, qishloq xoʻjaligi va qishloq tumanlarini rivojlantirish, transport, energetika, sogʻliqni saqlash va taʼlim kabi sohalarga diversifikatsiya qilingan.

    ITB guruhi prezidenti bank tomonidan Oʻzbekiston, Afgʻoniston va Pokistonni bir-biriga bogʻlaydigan temir yoʻl, Samarqanddagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini bunyod qilish va boshqa loyihalar qoʻllab-quvvatlanishini tasdiqladi.

    Uchrashuvda elchi Oʻzbekiston tomonidan BMTning Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha Koʻpsherikli trast jamgʻarmasi doirasida hamkorlar va donorlar bilan birgalikda amalga oshirayotgan ishlar haqida soʻzlab berdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    Uchrashuvda hamkorlik kun tartibining boshqa dolzarb masalalari ham muhokama qilindi.