Bu noxush hodisa haqidagi dastlabki xabarlar tarqalishi bilan mamlakatimizning Dehlidagi elchixonasi Sonipat shahri politsiyasi bilan aloqaga chiqdi hamda voqeani joyida oʻrganish maqsadida ushbu shaharga safar uyushtirildi.

Mahalliy huquq-tartibot idoralari bilan amalga oshirilgan harakatlar natijasida marhuma fargʻonalik M.A. ismli 32 yoshli ayol ekani aniqlandi. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, oʻzbekistonlik ayol va ikkinchi nobud boʻlgan shaxs is gazidan zaharlangani taxmin qilinmoqda. Hodisa sabablariga aniqlik kiritish boʻyicha tezkor surishtiruv va tibbiy ekspertiza ishlari davom ettirilmoqda.

Diplomatiya missiyasi mazkur hodisa boʻyicha tergov-surishtiruv jarayonini nazoratga olgan. Marhumaning yaqin qarindoshlari bu haqda xabardor qilingan. Shuningdek, zarur boʻlgan barcha konsullik-huquqiy amaliyotlar bajarilib, marhumaning jasadini qisqa vaqt ichida Oʻzbekistonga joʻnatish choralari koʻrilmoqda.