O‘zbekiston va Eron Islom Respublikasi hukumatlari o‘rtasida 2022 yil 14 sentyabr kuni Samarqand shahrida imzolangan ishbilarmon va ilmiy doiralar vakillari hamda sayyohlik guruhlari uchun viza berish tartib-taomillarini soddalashtirish to‘g‘risidagi bitim 13 oktyabrdan kuchga kirdi.

Hujjatga ko‘ra, tomonlar paritet asosda va milliy qonunchiligimiz qoidalariga muvofiq tomonlar davlatlarining ishbilarmon va ilmiy doiralari vakillari, shuningdek, turistik guruhlari uchun viza berishning soddalashtirilgan tartibini joriy qiladi.

Bunda «ishbilarmon doiralar vakillari» deganda bir Tomon davlatining boshqa Tomon hududida investisiya va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolari tushuniladi;

«ilmiy doiralar vakillari» — bir Tomon davlatining boshqa Tomon hududida fan va ilmiy faoliyatni amalga oshiruvchi fuqarolari;

«Turistik guruh» — bir Tomon davlatining bir vaqtning o‘zida boshqa Tomon hududiga  turistik maqsadlarda kiruvchi 5 (besh) dan 20 (yigirma) kishigacha bo‘lgan fuqarolari.

Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari ishtirokchi davlatlarning qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tegishli hujjatlarni olgandan so‘ng, ularni 3 (uch) ish kuni ichida (hujjat olingan kundan tashqari) ko‘rib chiqadi va hujjatlar ma’qullangan taqdirda viza berish uchun tasdiqnoma rasmiylashtiradi.

Tomonlar davlatlarining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari quyidagi vizalarni taqdim etadilar:

bir tomon davlatining tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish maqsadida boshqa tomon davlatiga tashrif buyuruvchi ishbilarmon doiralari vakillari uchun amal qilish muddati 6 (olti) oygacha bo‘lgan ko‘p martalik kirish vizasi;

bir tomon davlatining fan va ilmiy faoliyatni amalga oshirish maqsadida boshqa tomon davlatiga tashrif buyuruvchi ilmiy doiralar vakillari uchun 1 (bir) oygacha amal qiladigan viza;

bir tomon davlatining turist sifatida, turistlar guruhlari tarkibida boshqa tomon davlatiga tashrif buyuruvchi fuqarolari uchun 30 (o‘ttiz) kungacha bo‘lgan turistik viza;

Alohida hollarda, agar qo‘shimcha ko‘rib chiqish talab etilsa, viza berish muddati 10 (o‘n) kundan ortiq bo‘lmagan muddatga uzaytirilishi mumkin.