Yalpi majlis davomida ESCATOga 53 aʼzo va 9 assotsiativ aʼzo davlat delegatsiyalari mintaqaviy transport tizimlarini rivojlantirish va Osiyo-Tinch okeani mintaqasida transportning barqaror rivojlanishi toʻgʻrisidagi Vazirlar deklaratsiyasini amalga oshirish uchun strategik ahamiyatga ega boʻlgan masalalarni koʻrib chiqdi.

2022-2026-yillarga moʻljallangan ESCATO mintaqaviy dasturi doirasida “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston”, “Mozori-Sharif – Kobul – Peshavor”, “Oʻzbekiston – Turkmaniston – Eron – Hindiston” xalqaro transport yoʻlaklarini rivojlantirish loyihalari, shuningdek, Oʻzbekistonda xalqaro yuk tashish xavfsizligini oshirish boʻyicha boshlab yuborilgan loyihalar koʻrib chiqildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

Maʼlumot uchun: Osiyo va Tinch okeani uchun Iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi Tailandning Bangkok shahrida joylashgan BMT Iqtisodiy va ijtimoiy Kengashining beshta mintaqaviy komissiyalaridan biridir. U 1947-yilda Kengashga aʼzo davlatlarning iqtisodiy hamkorligini ragʻbatlantirish uchun tashkil etilgan.