— SHHT juda nufuzli tashkilot, — dedi ekspert. — Mening nazarimda, u yangi dunyo tartibotini yaratishda alohida mavqega ega hamda ushbu jarayon kun tartibida aynan Osiyo va Yevroosiyo masalalari asosiy boʻladi. Osiyo Yevropaga taraqqiyot darajasi bilan yetib olayotgani, oʻz xavfsizlik tizimi, oʻz forumlari va qoʻshma korporativ tuzilmalarini yaratayotgani shundan dalolat bermoqda. Mazkur tuzilmalar, avvalambor, SHHT kabi qudratli tashkilot atrofida birlashmoqda.

SHHT, albatta, Osiyo emas, uni Xitoy va sobiq shoʻro davlatlarini birlashtirgan Yevrosiyo, deb qabul qilish kerak. Ushbu makonda bir vaqtlar siyosiy boʻshliq paydo boʻlib qolgan edi, bugun ushbu boʻshliqni aynan mazkur kuchli tashkilot toʻldirmoqda. Agar SHHT boʻlmaganida edi, ushbu tashkilotga aʼzo ayrim davlatlar oʻrtasidagi muammo va nizolarni, shu jumladan chegara masalalarini hal qilish, shuningdek, ushbu mintaqada barqarorlikni taʼminlashda bunday muvaffaqiyatga erishilmagan boʻlar edi.

Men shuning uchun ham SHHT juda muhim tashkilot boʻlib, tobora rivojlanib bormoqda va muhim ahamiyat kasb etmoqda, degan fikrdaman. Tashkilot mintaqada diniy ekstremizmga qarshi kurashmoqda, energetika masalalari bilan shugʻullanmoqda. Xususan, uning doirasida barcha aʼzo davlatlar uchun strategik muhim ahamiyatga ega Energetika klubi mavjud.

Shuni ham taʼkidlash kerakki, SHHT demokratik tashkilotdir, unda “katta ogʻa va kichik uka” tamoyili mavjud emas. Bu ham juda muhim omil. Chunki Xitoy, Rossiya va Markaziy Osiyo mamlakatlari barcha masalalarni birgalikda hal qilmoqda va bu borada bir-birini qoʻllab-quvvatlamoqda. Hozirga qadar mazkur tashkilot faoliyatiga salbiy taʼsir qilishi mumkin boʻlgan ziddiyatli holat sodir boʻlmagan. Aksincha, xalqaro tuzilma tobora barqarorlashmoqda va yana-da rivoj topmoqda.

Ushbu tashkilotning kelajagi haqida fikr yuritish ham juda muhim. SHHT Yaqin Sharqni barqarorlashtirish boʻyicha jiddiy muammolarga duch keladi, deb oʻylayman. U yerda fuqarolik urushlari sodir boʻlmoqda, turli nizolar davom etmoqda, qon toʻkilmoqda, Gʻarbga ham, Yevroosiyo davlatlariga ham tahdid soladigan yangi mafkura paydo boʻlmoqda. Yaqin Sharq mintaqasida koʻplab muammolar, shu jumladan, ijtimoiy muammolar mavjudki, ular, albatta, Shimolga ham salbiy taʼsirini oʻtkazadi. Chunki mintaqadan Yevropa va barcha YEXHT mamlakatlariga migratsiya oqimi davom etmoqda.

Shuning uchun bugun biz ushbu masalalar bilan faol shugʻullanishimiz kerak. Yevropa Ittifoqi ushbu muammoga oʻz doirasida kurashishga harakat qilmoqda. Ammo, menimcha, SHHT ham bugun mazkur muammoni oʻz mintaqasida yoki ushbu tashkilotga aʼzo davlatlar atrofida hal qilishning strategik ahamiyatini koʻtarayotgani juda muhim. Shu munosabat bilan kelajakda Yevropa Ittifoqi va SHHT institutlari oʻrtasidagi hamkorlikning qoʻshma shakllari katta ahamiyatga ega boʻladi.

Yangi rahbariyat boshqarayotgan Oʻzbekiston SHHT kabi muhim tashkilot faoliyatiga oʻz hissasini qoʻshishga va uning doirasidagi taʼsirini kuchaytirishga intilayotganini taʼkidlamoqchiman. Shuning uchun SHHT sammitida rasmiy Toshkent tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar koʻpchilikning eʼtiborini tortdi. Nazarimda, Oʻzbekistonning SHHT doirasidagi strategiyasi ushbu tashkilotning imkoniyatlarini yana-da kengaytirishi mumkin.

Oʻzbekiston mintaqadagi va uning atrofidagi barcha mamlakatlar bilan samarali va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini rivojlantirishni xohlaydi. Shu sababli, menimcha, Oʻzbekiston Yevropa va Osiyoning oʻzaro aloqalarida, shuningdek, bugun Xitoy Yevropaga Markaziy Osiyo va Yevrosiyo makoni orqali barpo etayotgan Yangi ipak yoʻlida muhim mavqega ega boʻlishi mumkin. Ushbu jarayonning ishtirokchisi, meʼmori yoki hammuallifi boʻlish SHHTga aʼzo har bir davlat uchun muhimdir.

Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekiston oʻz tashqi siyosat strategiyasiga asoslangan holda barcha davlatlar, ayniqsa, ushbu jarayonning asosiy ishtirokchilari bilan ishonchli iqtisodiy va siyosiy munosabatda boʻlish, jumladan, xavfsizlik masalalari boʻyicha muloqot yuritishga intilmoqda. Bunda nafaqat Rossiya va Xitoy, balki mintaqaning faol ishtirokchisiga aylanib borayotgan Turkiya, arab mamlakatlari va, albatta, Gʻarb davlatlari, shu jumladan, AQSH va Germaniya ham nazarda tutilmoqda.

Agar Oʻzbekiston oʻzaro bogʻliqlik doirasidagi hamkorlikning turli shakllari taklif qilinadigan tashabbuslarni ilgari surishda davom etsa, bu yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlashga, Osiyo va Yevropaning iqtisodiy bloklari, siyosiy tashkilotlari va boshqa tuzilmalari oʻrtasidagi oʻzaro aloqalarni rivojlantirishga yordam beradi, deb oʻylayman. Bu hattoki YEXHT singari tarkibiga Osiyo va Yevroosiyo davlatlari qatori Yevropa mamlakatlarini ham qoʻshish orqali SHHTni yana-da kengayishiga xizmat qilishi mumkin.

“Dunyo” AA

Berlin