Xususan, uning doirasida Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vaziri A. Inoyatov hamda Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi direktori A.Azizov Fransiyaning “Boehringer Ingelheim” kompaniyasi raisi Kristian Vijsen bilan muzokaralar olib bordi.

Aytish joizki, “Boehringer Ingelheim” biologik va onkologik preparatlarni shartnoma asosida ishlab chiqish va ishlab chiqarish boʻyicha xizmatlar koʻrsatuvchi kompaniyalarning yetakchi yigirmataligiga kiradi.

Muloqot davomida respirator, yurak-qon tomir va onkologik xastaliklar, OIV, tromboemboliyalar, serebrovaskulyar kasallik, qandli diabet, gepatit hamda Parkinsonni davolashga moʻljallangan dori vositalarini ishlab chiqaruvchi mazkur kompaniya rahbariyati bilan mahalliylashtirish imkoniyatlarini chuqur oʻrganishga kelishib olindi.

Shuningdek, A.Inoyatov Fransiyaning “Airbus Helicopters” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashdi.

Muzokara davomida Respublika tez tibbiy yordam tizimi uchun 10 ta “Airbus N-145” rusumli tibbiy vertolyotlarni xarid qilish hamda mamlakatimizda Yevropa standartlariga mos tibbiy aviatsiya xizmatini tashkil etish, bu sohaning moddiy-texnika bazasini yaratish hamda mutaxassislar tayyorlash, togʻli va chekka hududlarda tibbiy aviatsiya xizmatini tashkil etish mexanizmlarini ishlab chiqish istiqbollarini muhokama qildi.

Forum doirasidagi navbatdagi muloqotda vazir tibbiy kislorod generatorlari, tibbiy gaz qurilmalari va tizimlarini ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi “Gaz sistem” kompaniyasi raisi Jan Eduard bilan oʻzaro hamkorlik masalalarini koʻrib chiqdi.