Tadbirda «Taraqqiyot strategiyasi» markazi, Jahon bankining O'zbekistondagi vakolatxonasi ekspertlari, Buyuk Britaniyaning O'zbekistondagi elchixonasi xodimlari, Moliya, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish, Bandlik va mehnat munosabatlari, Sog'liqni saqlash vazirliklari vakillari hamda bir qator idoralar, ilmiy tadqiqot institutlari rahbarlari va mutaxassislari, xalqaro tashkilotlar vakillari gibrid (ham oflayn, ham onlayn) shaklda ishtirok etishdi.

Davra suhbatida mahalliy va xalqaro ekspertlar tomonidan umumiy tendensiyalar, pandemiyadan keyingi tiklanish, mehnat bozori, kambag'allik, emlash jarayonlari, O'zbekistonda kambag'allikni qisqartirish bilan bog'liq dolzarb islohotlar hamda Markaziy Osiyodagi iqlim va O'zbekistonning yashil iqtisodiyotga o'tish siyosati kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Suhbat avvalida «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov «O'zbekiston fuqarolarini tinglab» loyihasi doirasida olib borilayotgan tadqiqotlarning ahamiyatiga to'xtalib o'tdi.

– Mazkur loyiha 5 yildan buyon Jahon banki bilan hamkorlikda samarali tarzda amalga oshirib kelinmoqda. Shuni alohida e'tirof etish joizki, «O'zbekiston fuqarolarini tinglab» loyihasi O'zbekistonda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlarning fuqarolar hayotida qay darajada aks etayotganini o'rganayotgan yagona tadqiqot loyihasi hisoblanadi.

Loyiha doirasidagi tadqiqotlar orqali aholi fikri va ularning farovonligi darajasi tizimli ravishda kuzatib borilmoqda. O'tgan yillar davomida mazkur loyiha samarali muloqot vositasi, ya'ni fuqarolar va davlat o'rtasida o'ziga xos «ko'prik»ka aylanib ulgurdi.

Sababi, tadqiqot natijalari asosida ko'tarilgan masalalar hukumat tomonidan amalga oshirilgan tegishli siyosiy qarorlar, amaliy choralar ko'rilishiga xizmat qildi. Bularga ichki migratsiya va «propiska» bilan bog'liq islohotlarni yorqin misol sifatida keltirib o'tish mumkin.

Ta'kidlash joizki, «O'zbekiston fuqarolarini tinglab» loyihasi doirasida O'zbekistonda ilk marta mamlakatdagi kambag'allikni baholash va qashshoqlik chegarasini aniqlash bo'yicha tadqiqot olib borildi.

Mazkur tadqiqot natijalari vazirlik va idoralar, xususan Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan keng foydalanilib kelinmoqda.

Davra suhbatida Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligining hamkorlik va taraqqiyot idorasining Markaziy Osiyo bo'yicha direktor o'rinbosari Devid Rinnert mavzu yuzasidan o'z fikr-mulohazalarini bildirib o'tdi.

Shuningdek, Jahon banki mutaxassisi Uil`yam Zeyts «Covid-19 vaksinasi borasidagi ikkilanishlar: sifatli tadqiqot natijalari» mavzusida taqdimot o'tkazib, u emlanish yo emlanmaslik borasidagi ikkilanishlar, unga ta'sir qiladigan omillar, ixtiyoriy emlanish ko'rsatkichlari, shifokorlar va aholining asosiy xavotir va qo'rquvlari, emlanishni rad etishning asosiy sabablari, emlash o'limning oldini olishi haqidagi va shu kabi boshqa bir qancha faktlarni turli infografikalar ko'rinishida yoritib berdi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi boshqarma boshlig'i Nurbek Yuldashev esa «O'zbekistonda kambag'allikni qisqartirish bilan bog'liq dolzarb islohotlar» mavzusida ma'ruza qildi. U o'z nutqida asosiy e'tiborni makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlash va kambag'allikni qisqartirish borasida so'nggi besh yilda amalga oshirilgan islohotlar va ularning natijadorligiga qaratdi.

2020 yilda jahonda koronavirus pandemiyasining keng tarqalishi tufayli qabul qilingan karantin cheklovlari natijasida takliflarni qisqarish global retsessiyaga olib kelgan bo'lsada, O'zbekiston kam sonli davlatlar qatorida ijobiy o'sishni saqlab qoldi, – deya ta'kidlab o'tdi Nurbek Yuldashev. Shuningdek, u kambag'allikni qisqartirish yo'nalishida amalga oshirilgan ishlarni infografik ko'rinishda taqdim etdi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi departament direktori O'tkirjon Xolbadalov esa, O'zbekistonda yashil iqtisodiyotni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va 2030 yilga qadar mo'ljallangan «yashil» iqtisodiyotga erishish bilan bog'liq rejalarga to'xtalib o'tdi. Jumladan, ushbu vaqt oralig'ida iqlim o'zgarishiga moslashish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, suvdan samarali foydalangan holda qishloq xo'jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish, 1 mln. gektar erda tomchilatib sug'orish tizimini yo'lga qo'yish hamda «yashil» iqtisodiyotga o'tishda xususiy sektor ishtirokini ta'minlash kabi rejalar tahliliga alohida to'xtalib o'tdi.

Shuningdek, tadbirda 2022–2026 yillarga mo'ljallangan Jahon banki va O'zbekiston hamkorligining asosiy dasturini ishlab chiqish haqida so'z bordi. Ushbu loyihani amalga oshirishda Yangi O'zbekiston «Taraqqiyot strategiyasi»ning asosiy yo'nalishlariga e'tibor qaratiladi.

Davra suhbati yakunida ekspertlar tomonidan pandemiyaning ta'siri va undan keyingi tiklanish, emlash jarayonlari, O'zbekistonda kambag'allikni qisqartirish hamda yashil iqtisodiyotga o'tish bilan bog'liq tadqiqot natijalari ma'lum qilinib, galdagi vazifalar belgilab olindi.

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi

Axborot xizmati