IIV, TIV, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Adliya vazirligi hamda DXX “Pasport-viza” avtomatlashtirilgan axborot tizimi majmuasini modernizatsiya qilish orqali “E-Fuqaro” Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi masalalariga oid idoralararo maʼlumotlar bazasini joriy etdi. U tegishli davlat organlari oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni taʼminlash, hujjatlarni va maʼlumotlarni kiritish, hisobga olish hamda monitoring qilish maqsadida shakllantirilgan.
Ushbu maʼlumotlar bazasi asosida endi:

fuqarolik masalalari boʻyicha arizalarni qabul qilish va ularni koʻrib chiqish bilan bogʻliq tartib-taomillar avtomatlashtiriladi;

fuqarolik masalalari boʻyicha tushgan arizalar idoralararo elektron hamkorlik yoʻli bilan manfaatdor vazirliklar va idoralar oʻrtasida koʻrib chiqiladi hamda ularga tegishli munosabat bildiriladi;

fuqarolikka qabul qilish, uni tiklash, undan chiqish va uni yoʻqotish boʻyicha yagona maʼlumotlar bazasi shakllantiriladi.

“E-Fuqaro” maʼlumotlar bazasiga maʼlumotlar kiritish hamda idoralararo oʻzaro elektron hamkorlik orqali ayirboshlanadigan maʼlumotlar sxemasi tasdiqlandi. Shuningdek, “E-Fuqaro” IMBni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish, undan chiqish haqidagi arizalar real vaqt rejimida “E-Fuqaro” orqali qabul qilinadi.

IIVga DXX, Mudofaa vazirligi, TIV, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi, DSQ, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda almashinadigan maʼlumotlarni yangilab borish, olish va berishda foydalaniladigan axborot tizimlarini “E-Fuqaro” IMB bilan oʻzaro muvofiqlashtirish hamda nazorat qilish yuklandi.

IIV Moliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda fuqarolik masalalari boʻyicha arizalarni koʻrib chiqish uchun zarur boʻlgan davlat boji toʻlovlari, davlat xizmatlari koʻrsatilganligi uchun davlat bojlari va yigʻimlari toʻlanishini “Elektron hukumat”ning yagona billing tizimi orqali taʼminlash yuklatildi.

2021-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston hududida fuqarolik masalalari boʻyicha murojaatlarni YAIDXP orqali berish mexanizmi joriy etiladi. Xorijda doimiy istiqomat qilayotgan shaxslar esa TIV saytida joylashtirilgan interaktiv konsullik xizmati orqali keyinchalik shaxsan kelib murojaat qilish shartini inobatga olgan holda murojaat qilishlari mumkin.

Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 17.09.2020-yildan kuchga kirdi.