Oʻzbekiston gandbol federatsiyasiga yangi rais saylandi

    Sport 24 Dekabr 2024 296

    Oʻzbekiston Qahramoni Sanoqulov Quvondiq Sanoqulovich Oʻzbekiston gandbol federatsiyasi raisi lavozimiga saylandi.

    Bu boʻyicha Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi maʼlum qildi.

    Qayd etilishicha, Qoʻmitada oʻtkazilgan saylov konferensiyasida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati”ning bosh direktori, Oʻzbekiston Qahramoni Sanoqulov Quvondiq Sanoqulovich nomzodi Oʻzbekiston gandbol federatsiyasi raisi lavozimiga ilgari surildi.

    Oʻz navbatida, Sport vaziri Adham Ikramov sport sohasida ham ulkan tajribaga ega boʻlgan, bir necha yillar davomida mamlakat suzish federatsiyasi raisi lavozimida faoliyat olib borgan Quvondiq Sanoqulovich haqida iliq fikrlar bildirib oʻtdi. Delegatlar ushbu nomzodni bir ovozdan maʼqullashdi va Q.Sanoqulov mamlakat gandbol federatsiyasi raisi lavozimiga saylandi.

    Yigʻilish davomida Oʻzbekiston gandbol federatsiyasining Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik rejasi atroflicha koʻrib chiqildi.

    Unda rasmiylar boʻlajak Olimpiya oʻyinlarida jamoaviy sport turlarida ham yoʻllanma olish muhim ekani, buning uchun barcha terma jamoalarimizga kerakli sharoitlar yaratib berilishi haqida toʻxtalib oʻtdi. Taqdimotda erkaklar va ayollar terma jamoalarimizning bu boradagi imkoniyatlari oʻrganildi.