Usta-tadbirkor Ibrohim Sultonov rahbarlik qilayotgan Hunarmandchilik markazi mato va gilam toʻqishga ixtisoslashgan. Toʻquvchilik unga bobomeros kasb. Oʻz davrida Margʻilon hunarmandlarining peshvosi boʻlgan Sultonboy Dadajonov toʻquvchilik sirlarini oʻgʻli Ashurali Sultonovga, u esa oʻgʻli Ibrohim Sultonovga oʻrgatgan. I.Sultonov bugun bobosi va otasi ishini davom ettirib, muvaffaqiyat qozonmoqda.
Markaz 2020-yili Prezidentmizning Fargʻona viloyatiga tashrifi chogʻida ochilgan edi. Bugun markazdagi mato toʻqish sexida 400 nafar xotin-qiz ish bilan taʼminlangan. Gilam toʻqish ustaxonasida 1200 dan ortiq ishchi-xodim hunar bilan mashgʻul. Bundan tashqari, Margʻilon shahri, Qoʻshtepa, Yozyovon, Bagʻdod tumanlarida kasanachilik yoʻnalishi boʻyicha ishchilar bor.
— Respublikamizning 13 ta hududida markaz filiallari ochilishi kutilmoqda, — deydi markaz rahbari Ibrohim Sultonov. — Foydalanishga topshirsak, yana 300 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratiladi. Dastgoh va xomashyolar tayyor. Yaqin kunlarda uchta markaz ish boshlaydi. Matolarimiz 30 dan ortiq mamlakatga buyurtma asosida yetkazib beriladi. Tojikiston bilan shartnoma tuzilgan. Hozir markazimiz hunarmandlari tomonidan toʻqilgan mitti gilamchani Ginnes rekordlari kitobiga kiritish uchun harakat qilyapmiz. Gilamcha toʻliq qoʻl mehnati mahsuli boʻlib, 5 oy davomida toʻqilgan.