Mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilgan tizimli ishlar natijasida Oʻzbekiston “Global oziq-ovqat xavfsizligi” indeksida 2021-yilda 113 ta mamlakat orasida 53,8 ball bilan 78-oʻrinni (2020-yilda 83 oʻrin) egallab, 5 pogʻona koʻtarildi.

Brifingda 2021-yilda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining joylashtirilishi yuzasidan maʼlumot berildi. Qayd etilganidek, 2021-yilda 4 mln 843 ming gektarga qishloq xoʻjaligi ekinlari joylashtirilgan. Bu koʻrsatkich 2020-yilga nisbatan 644 ming gektarga koʻp. Taʼkidlanganidek, 2021-yilda mamlakatda 7,8 mln tn gʻalla, 3,4 mln tn paxta, 21,7 mln tn meva-sabzavot, 3,2 mln tn kartoshka, 2,3 mln tn poliz mahsulotlari yetishtirilgan boʻlib, yillik oʻsish 105,8% ni, shundan dehqonchilikda 106,8%ni tashkil etgan.

Respublikada kartoshkachilikni rivojlantirish boʻyicha 40 ta tuman kartoshka yetishtirishga, shundan, 23 tasi urugʻlik kartoshkaga ixtisoslashtirildi. Kartoshkachilik yoʻnalishida 9 ta klasterlari tashkil etilib, ularga 3,6 ming gektar yer ajratildi. Respublika boʻyicha 5 ta in-vitro laboratoriyalari tashkil etildi.

Respublikada belgilangan tibbiy meʼyorga (52,6 kg) muvofiq, aholining kartoshkaga 1 yillik ehtiyoji 1,9 million tonnani tashkil etadi. JSST meʼyori (96,7 kg) boʻyicha aholi isteʼmoli qariyb 2 barobar koʻp boʻlib, 3,4 million tonnadan ortiqni tashkil etadi.

Bugungi kungacha importyorlar tomonidan 1042,0 tonna kartoshka bozorlarga olib kelinib, 3700 soʻmdan 4200 soʻmgacha sotilmoqda. Shu kungacha hududlardagi 27 ta bozorda 985,7 tonna kartoshka sotilgan. Ushbu intervensiya hisobiga kartoshkaning bozorlardagi chakana narxi 1000-2500 soʻmga (25-28%ga) pastlab, arzon boʻlishiga erishildi.

2021-yil qish va 2022-yil bahor oylarida respublika aholisini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli taʼminlash maqsadida jami 626,6 ming tonna qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, shundan 294 ming tn kartoshka, 86,8 ming tn piyoz, 163,6 ming tn sabzi hamda 82,1 ming tn guruch jamgʻarildi.

Toshkent shahrining 12 ta asosiy dehqon bozorlarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yarmarkalarini tashkil etilib, viloyatlar tomonidan bozorlarga keltirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari savdosi uchun barcha shart-sharoitlar (bepul rastalar, tarozi, saqlash omborxonalari) yaratib berildi.