Joriy yilgi “ArMI-2021” Xalqaro armiya oʻyinlarida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi jamoalarining 24 turdagi musobaqalarda ishtirok etishi rejalashtirilgan (shundan bittasi –“Sayan yurishi” musobaqasi boʻlib oʻtgan). Unda dunyoning 43 davlatidan 295 ta jamoa ishtirok etishi kutilyapti.
Xalqaro armiya oʻyinlarining “Ishonchli qabul”, “Desant vzvodi”, “Armiya madaniyati”, “Qutb yulduzi”, “Muhandislik formulasi”, “Taktik oʻqchi”, “Professional mergan”, “Sayan yurishi” kabi musobaqalarida yurtimiz vakillari birinchi bor ishtirok etadilar, deb xabar beradi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.
Shuni alohida qayd etish lozimki, yurtimiz jamoasi joriy yil 14-16-aprel sanalarida Rossiya Federatsiyasida boʻlib oʻtgan va 7 mamlakat – Rossiya Federatsiyasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Oʻzbekiston Respublikasi, Abxaziya Respublikasi, Janubiy Osetiya Respublikasi, Tojikiston Respublikasi va Qirgʻiziston Respublikasi jamoalari ishtirok etgan “Sayan yurishi” musobaqasida munosib ishtirok etib, faxrli 3-oʻrinni egallashga sazovor boʻldi.
Eslatib oʻtamiz, oʻtgan yili 23-avgustdan 5-sentyabrgacha davom etgan “ArMI – 2020” Xalqaro armiya oʻyinlarida sayyoramizdagi 32 davlatning 160 dan ziyod jamoasi qatorida Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari 16 yoʻnalishdagi musobaqalarda mutlaq gʻoliblikni qoʻlga kiritib, jami 16 yoʻnalishdan 14 tasida yuqori pogʻonalarni egallagan va umumjamoa hisobida 3-oʻrinni band etgandi.