Oʻzbekiston harbiylari «Kembriya patruli» xalqaro musobaqasida ikkinchi oʻrinni egalladi

    Harbiy 13 Oktabr 2022 2145

    Oʻzbekiston harbiylari «Kembriya patruli» xalqaro musobaqasida oʻtgan yilgi natijasini takrorlagan holda ikkinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi.

    Joriy yil 4–12-oktyabr kunlari Buyuk Britaniyaning Brekon shahrida oʻtkazilgan razvedka va maxsus boʻlinmalarning «Kembriya patruli» xalqaro musobaqasida dunyoning jami 24 ta davlatidan 144 ta jamoalar ishtirok etdi. Jumladan, unda mezbon Buyuk Britaniya, Oʻzbekiston, Kosovo, Gretsiya, Irlandiya, Germaniya, Latviya, Fransiya, Gana, Italiya, Hindiston, Polsha, AQSH, Shveysariya, Litva, Niderlandiya, Uels, Nepal, Shotlandiya, Avstraliya, Pokiston, Meksika, Albaniya, Chili, Qozogʻiston, Yangi Zelandiya Qurolli Kuchlari razvedka va maxsus boʻlinmalari harbiy xizmatchilaridan iborat jamoalar oʻzaro bahs olib bordilar.

    Musobaqa konkurslaridagi yoʻnalish 90 kilometr masofadagi turli darajadagi murakkab shartlardan iborat boʻlib, har 8-10 kilometrda bir nechta jangovar topshiriqlar bajarildi.

    Shuningdek, ommaviy qirgʻin qurollaridan himoyalanish vositalaridan foydalangan holda 3 kilometr masofadagi zararlangan hududdan oʻtish, joyni razvedka qilish va togʻ daryosini kesib oʻtish, yaradorlarga birinchi tibbiy yordam koʻrsatish, jarohatlanganlarni turli yoʻllar bilan evakuatsiya qilish, mina toʻsigʻidan yakka va guruh tarkibida oʻtish, dushman obektiga bosqin uyushtirish, garovga olinganlarni ozod qilish va harbiy asirlarni soʻroq qilish kabi shartlarda harbiy xizmatchilar oʻz mahoratlarini sinovdan oʻtkazdi.

    Bundan tashqari jamoalarga 8 ta kutilmagan “test syurpriz” topshiriqlari ham berildi. Unga koʻra, xorijiy davlatlar qurollari va harbiy texnikasi turlarini aniqlash, simulyatsiya va aloqa uskunalari yordamida artilleriya olovini yoʻnaltirish, harbiy topografiya meʼyorlarni bajarish, Jeneva konvensiyasi boʻyicha test topshirish, razvedka boʻyicha hisobotlarni tayyorlash va tuzish, aloqa tayyorgarligi boʻyicha meʼyorlarni bajarish, bajarilgan tadbirlar boʻyicha va keyingi topshiriqlarni bajarishga shayligi boʻyicha bildiruv berish jarayonlari ham qizgʻin kechdi.

    Shunday qilib musobaqa natijalariga koʻra, I oʻrinni mezbon davlat – Buyuk Britaniya jamoasi, II oʻrinni katta davlatlar jamoalarini ortda qoldirgan Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi egallagan boʻlsa, III oʻrin Pokiston jamoasiga nasib qildi, deb xabar beradi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.

    Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi mazkur nufuzli musobaqaning 2019-yilgi bahslarida birinchi oʻrinni, 2020–2021-yillarda esa ikkinchi oʻrinni band qilgan.