Turkiya va Oʻzbekiston Ichki ishlar vazirliklari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda 2022-2023-yillarda Oʻzbekiston hududida firibgarlik jinoyatini sodir etib, 2023-yildan buyon qidiruvda boʻlgan 1992-yilda tugʻilgan Muqimjonov Doniyorjon Murodil oʻgʻli joriy yilda Istanbul shahrida qoʻlga olingan.
Oʻzgalarning umumiy hisobda qariyb 60 ming AQSH dollari miqdoridagi pullarini oʻzlashtirganlikda ayblangan D.Muqimjonov bugun, 10-sentyabr kuni Oʻzbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi xodimlari ishtirokida Oʻzbekistonga deportatsiya qilindi.
Bosh konsulxona ushbu shaxsning xatti-harakatlaridan jabr koʻrgan fuqarolardan Oʻzbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi diplomatik idorasiga yoki Oʻzbekiston IIV yoxud uning quyi tizimlariga murojaat qilishlarini soʻramoqda.