Oʻzbekiston hududlari va Birmingem shahri oʻrtasida havo qatnovlari yoʻlga qoʻyilishi mumkin

    Oʻzbekiston elchisi Ravshan Usmanov Birmingem aeroportining aviatsiya boʻyicha direktori Tom Skrin bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Uchrashuv davomida Britaniya tomoniga Oʻzbekistonning turizm salohiyati, mahalliy va xorijiy sayyohlar va turkompaniyalar uchun yaratilgan sharoitlar, turizm infratuzilmasi va mamlakatimizda mazkur sohada olib borilayotgan jadal islohotlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

    Tomonlar Oʻzbekiston shaharlari va Birmingem oʻrtasida aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish istiqbollarini muhokama qildilar.

    Tom Skrin Oʻzbekistonda turizm sohasini modernizatsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni yuqori baholab, respublika aviakompaniyalari bilan yoʻlovchi va yuk tashish sohasida hamkorlik oʻrnatishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.

    Uchrashuv yakunida ushbu masalalarni batafsil muhokama etish maqsadida tomonlar oʻrtasida yaqin orada onlayn uchrashuv tashkil etishga kelishib olindi, deb xabar beradi «Dunyo» AA.

    Birmingem aeroporti 1939-yilda tashkil etilgan. Aeroport shahar markazidan 10 kilometr masofada joylashgan. U Buyuk Britaniyadagi eng gavjum havo bandargohlaridan biri hisoblanadi. Maʼlumotlarga koʻra, 2023-yilda mazkur aeroport xizmatidan salkam 11,5 million kishi foydalangan.