Oʻzbekiston hududlarning investitsiyaviy salohiyati mustahkamlanyapti

    Investitsiyalar 26 Sentabr 2022 946

    Bosh vazir oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev “International Development Ireland” (IDI, Irlandiya Respublikasi) rahbariyatini qabul qildi. Oxirgi bir yil davomida ekspertlar guruhi Buxoro va Xorazm viloyatlarining investitsiyaviy salohiyatini rivojlantirish boʻyicha ish olib borgan edi.

    Kompaniya vakillari ITSV huzuridagi Investitsiya loyihalarini ishlab chiqish markazi va IDI oʻrtasida tuzilgan shartnomaning birinchi bloki doirasida bajarilgan ishlar toʻgʻrisida hisobotlarni taqdim etdi. Xususan, kompaniya Buxoro va Xorazm viloyatlarining investitsiyaviy salohiyatini rivojlantirish boʻyicha kompleks Strategiyalarni ishlab chiqqani, vazirlik rahbariyati va xodimlari hamda investitsiyalarni jalb etish sohasiga masʼul tashkilotlar vakillari uchun bevosita va onlayn tarzda xorijiy investitsiyalarni jalb etish boʻyicha malaka oshirish dasturiga muvofiq treninglar oʻtkazgani qayd etildi. Mashgʻulotlarda Irlandiya Respublikasi Investitsiyalarni jalb etish agentligi mutaxassislari ishtirok etdi.

    Kompaniya mutaxassislari tomonidan Buxoro va Xorazm viloyatlari hokimliklari koʻmagida IDI hududiy ofislari ochildi, hamda ikkala viloyatda 25 ta kompaniyaning investitsiyaviy imkoniyatlari baholandi. 620 investorga hududda yaratilgan imkoniyatlar toʻgʻrisida maʼlumotlar yetkazildi, ulardan 16 nafari takliflarga qiziqish bildirib oʻzaro manfaatli investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha muzokaralarni boshladilar. Investorlar asosan tibbiy va mehmonxona xizmatlari, oziq-ovqat ishlab chiqarish, chorvachilik, tayyor toʻqimachilik mahsulotlari, qurilish materiallari, tibbiy buyumlar ishlab chiqarish va sotish yoʻnalishlari bilan qiziqdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

    Uchrashuv yakunida kompaniya vakillari Oʻzbekistonda faoliyatini davom ettirishga tayyorligini bildirdilar. IDI Vazirlikning hududiy tuzilmalari faoliyatini transformatsiyalash va samaradorligini oshirishga qaratilgan konsepsiyani ishlab chiqib, taqdim etadi. Konsepsiya navbatdagi muzokaralar davomida koʻrib chiqiladi.