100 dan ziyod davlat vakillari qatnashayotgan musobaqalarda Oʻzbekiston terma jamoasining 18 ta sportchisi chempionlik uchun kurash olib bormoqda.

Kecha chempionat oldidan Xalqaro taekvondo federatsiyasi (ITF)ning navbatdagi kongressi boʻlib oʻtdi. Unda bir qator masalalar koʻrib chiqildi. Ijroiya qoʻmita aʼzolari tomonidan 2024-yilgi jahon chempionatini oʻtkazishga daʼvogar mamlakatlarning imkoniyatlari tahlil etildi. 

Anjumanda ishtirok etgan kongress aʼzolari huzurida jahon chempionatini oʻtkazishga daʼvogarlik qilayotgan davlat vakillari oʻz taqdimotlarini oʻtkazdi. Mamlakatimizdagi shart-sharoitlar, yurtimizning sport potensiali xususida Oʻzbekiston taekvondo milliy assotsiatsiyasi rahbari Laziz Hasanov kongress qatnashchilariga maʼlumot berdi. 

Oʻz navbatida Xalqaro taekvondo federatsiyasi Ijroiya qoʻmitasi aʼzolari Oʻzbekistonda sportga berilayotgan eʼtibor, yaratilayotgan shart-sharoitlar, yangicha infratuzilmaning vujudga kelayotganini eʼtirof etdi. 

Ovoz berish natijalariga koʻra, taekvondo boʻyicha 2024-yil tashkil etiladigan jahon kubogi va IMGC yoʻnalishida yakkakurashlar boʻyicha jahon chempionati musobaqalariga mezbonlik uchun kurashda Oʻzbekiston 145 ta davlat orasida ustunlikka erishdi.