Xalqaro taqqoslashlar dasturi Birlashgan Millatlar Tashkilotining statistika sohasi bo‘yicha eng keng qamrovli va muhim global dasturi hisoblanadi.

Xalqaro taqqoslash dasturi – dunyoning deyarli barcha davlatlari statistika idoralari ishtirok etadigan xalqaro statistik dastur bo‘lib, uning doirasida valyutalar xarid qobiliyati pariteti, yalpi ichki mahsulot va uning tarkibiy qismlarini xalqaro darajada va mamlakatlararo taqqoslash ishlari amalga oshiriladi.

Dastur global miqyosda har 3 yilda bir marotaba amalga oshiriladi. Shu bilan birga, dasturning 2021 yilgi global bosqichi natijalari 2024 yilda e’lon qilinishi rejalashtirilgan.
Ta’kidlash joizki, dastur natijalari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Statistika kengashi tomonidan e’lon qilinadi. Bu ham dasturning xalqaro miqyosda yuksak ahamiyaga ega ekanligidan dalolat beradi.

Mamlakatimiz mazkur dasturning 2021 yilgi global bosqichida ilk bor rasman ishtirok etdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaroriga asosan mamlakatimizning mazkur dasturdagi ishtiroki bilan bog‘liq tadbirlarni amalga oshirish Statistika agentligi zimmasiga yuklatilgan.

Statistika agentligi tomonidan bu boradagi xalqaro tajriba o‘rganildi. Xususan, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo mamlakatlar bilan, shu bilan birga, tashkilotning Statistika qo‘mitasi bilan ko‘plab maslahatlashuvlar o‘tkazildi.