Ilm-fanning jahon ilmiy makoniga integrasiyalashuvi: o‘zbek olimlari peshqadam

    “O‘zbekiston ilm-fanining jahon ilmiy makoniga integrasiyalashuvi uchun Springer Nature kompaniyasining axborot resurslari” bo‘yicha forum o‘tkazildi.

    Forumda Springer Nature kompaniyasining O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Tojikiston va Turkmanistondagi vakili Irina Aleksandrova, MDH mamlakat ilmiy jurnallar bo‘yicha vise-prezidenti Aleksandr Biryukov ishtirok etdi.

    Forum davomida Springer Nature ilmiy ma’lumotlar bazasining imkoniyatlari, shuningdek, platformadan foydalanayotgan universitetlar va ilmiy-tadqiqot instituti tadqiqotchilarining statistik ma’lumotlariga e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, 2022 yil noyabriga qadar link.springer.com platformasida eng ko‘p maqollar chop etgan o‘zbekistonlik olimlar hamda eng faol universitetlar e’tirof etildi.

    Jumladan, nufuzli ilmiy jurnallarda eng ko‘p maqola chop etgan Top-5 o‘zbek olimlari aniqlandi. Bular — O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti, akademik Bexzod Yuldashev, S.Yu.Yunusov nomidagi O‘simlik moddalari kimyosi instituti katta ilmiy xodimi, kimyo fanlari doktori, akademik Xayrulla Bobakulov, O‘zbekiston Respublikasi energetika vazirligi huzuridagi Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti bosh ilmiy xodimi, Texnika fanlari doktori Nilufar Avezova, V. A. Romanovskiy nomidagi Matematika instituti professori Ravshan Ashurov , ERGO Analytics direktori, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va AKFA universiteti professori Raufxon Salaxodjayevdir. Shuningdek, Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiya markazi, Mirzo Ulug‘bek nomidagi Astronomiya instituti, Mirzo Ulug‘bek nomidagi Milliy universitet, Urganch davlat universiteti, Samarqand davlat universiteti, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, O.S.Sodiqov nomidagi Bioorganik kimyo instituti, Namangan davlat universiteti va Yu. Yunusov nomidagi O‘simlik moddalari kimyosi institutlari Top-10 talikda eng faol tashkilotlar sifatida e’tirof etildi.