Unda ishtirok etayotgan mamlakatimiz delegatsiyasi rahbari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov va Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova «2030-yilgacha barqaror rivojlanish kun tartibini amalga oshirishda inson huquqlari bo'yicha milliy institutlarning o'rni» mavzusidagi yordamchi tadbirda qatnashdilar.

Anjuman O'zbekiston, Qozog'iston, Turkmaniston va Qirg'iziston Inson huquqlari bo'yicha vakillari tomonidan Inson huquqlari bo'yicha milliy institutlar global alyansi (GANHRI) va Avstraliyaning BMT Taraqqiyot dasturining doimiy vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Ishtirokchilar BMTning ixtisoslashgan agentliklari bilan hamkorlikda inson huquqlari bo'yicha milliy institutlar oldida turgan mavjud muammo va BRMlarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashdilar.

Parijning asosiy tamoyillari – plyuralizm, mustaqillik va inson huquqlari bo'yicha milliy institutlarni mustahkamlash samaradorligini ta'minlashga alohida e'tibor qaratilmoqda.

O'zbekiston delegatsiyasi «O'zbekiston – 2030» strategiyasining asosiy qoidalari va maqsadlari, shuningdek, mamlakatimizning inson huquqlari sohasidagi siyosati, jumladan, Ombudsmanning fuqarolar murojaatlarini ko'rib chiqish, jazoni ijro etish muassasalari faoliyatini monitoring qilish bo'yicha faoliyati va "Ombudsman+" milliy profilaktika mexanizmi modeli haqida batafsil ma'lumot berdi.

Shuningdek, mamlakatimizning inson huquqlari sohasida 2030-yilgacha bo'lgan davrga mo'ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlari global kun tartibiga erishish bo'yicha majburiyatlari qayd etildi. Aholining huquqiy savodxonligini tizimli ravishda oshirish, fuqarolarning inson huquqlarini himoya qilish borasidagi imkoniyatlarini kengaytirish muhimligi ta'kidlangan.

Yordamchi tadbir ishtirokchilari aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini himoya qilish masalalari yuzasidan fikr va tajriba almashib, O'zbekiston tomonining fikrini qo'llab-quvvatladilar va o'z mamlakatlarida huquqiy madaniyat masalasi dolzarbligini ta'kidladilar.

Bundan tashqari, tashrif doirasida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova Inson huquqlari bo'yicha milliy institutlar global alyansi (GANHRI) raisi Maryam Abdulla Al-Attiya, BMT Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari boshqarmasining Yevropa va Markaziy Osiyo bo'yicha departament boshlig'i Hulan Sedev, shuningdek, BMTning Qiynoqlarga qarshi qo'mitasi kotibiyati rahbari Xavyer Leoz Invernon, BMTning Ayollarga nisbatan kamsitishlarga barham berish qo'mitasi kotibiyati rahbari Karolina Xarvey va BMTning Nogironlar huquqlari bo'yicha qo'mitasi kotibiyati rahbari Jorj Araya bilan uchrashuvlar o'tkazdi.

Muzokaralar chog'ida xorijiy tomonga Ombudsman instituti tomonidan inson huquqlarini ta'minlash bo'yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, milliy profilaktika mexanizmining amalga oshirilishi, hayotga tatbiq etilayotgan loyiha va dasturlar haqida batafsil ma'lumot berildi. Shuningdek, BMTning inson huquqlari institutlari va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.