Muhokama davomida BMTTDning iqlim oʻzgarishi boʻyicha mutaxassisi Raʼno Boyxonova ishtirokchilarni Oʻzbekistonda muqobil energiya manbalaridan foydalanish, fuqarolik jamiyatining iqlim oʻzgarishi boʻyicha bayonotini tayyorlash jarayoni, uning maqsadlari va vazifalari bilan tanishtirdi.
Yigʻilishda taqdim etilgan bayonot fuqarolik jamiyatining iqlimni saqlash boʻyicha qarashlari va missiyasini, xususan muqobil energiya manbalariga oʻtish zaruratini oʻz ichiga olgan.
“Muqobil yonilgʻi va energiya turlari korxonalari” assotsiatsiyasi ekspertlarining hisob-kitoblariga koʻra, 2030-yilga kelib Oʻzbekistonda energiya resurslarining tanqisligi umumiy ehtiyojning 65,4 foizini tashkil qilishi mumkin. Respublikadagi tiklanadigan energiya manbalarining texnik salohiyati 182,5 mln tonna neft ekvivalentini tashkil qiladi, bu energiya resurslariga boʻlgan yillik ehtiyojdan uch baravar ortiq.
Oʻzbekiston Energetika vazirligining prognozlariga koʻra, 2030-yilgacha boʻlgan davr ichida elektr energiyasini ishlab chiqarish hajmi, shu jumladan tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish hisobidan ham, 69 mlrd kVt soatdan 121 mlrd kVt soatgacha oshiriladi.
Tadbirda muhokama qilingan bayonot Parij kelishuvining muhim elementi hisoblangan milliy darajada belgilanadigan hissalar (MDBH)ning bir qismiga aylanadi va uning uzoq muddatli maqsadlariga erishishga koʻmaklashadi. MDBH mamlakatlarning milliy darajada issiqxona gazlari tashlanishini kamaytirish va iqlim oʻzgarishi oqibatlariga moslashish boʻyicha saʼy-harakatlarini aks ettiradi. Har bir mamlakat BMTning Iqlim boʻyicha kotibiyatiga oʻzi erishmoqchi boʻlgan MDBHni yuboradi va ularga amal qiladi. Bunday maqsadlarga erishish uchun tomonlar iqlim oʻzgarishini yumshatish boʻyicha milliy choralarni koʻradi.
Issiqxona gazlari tashlanishining taʼsirini yumshatish va va ularning darajasini kamaytirish boʻyicha milliy darajada belgilanadigan hissalar har besh yilda yangilanadi. Parij kelishuvining maqsadlariga erishishga koʻmaklashuvchi ushbu yangilangan milliy choralar rejasini Oʻzbekiston yaqin kunlarda tayyorlashni rejalashtirmoqda. Ushbu milliy reja 2021-yil noyabr oyida Buyuk Britaniyaning Glazgo shahrida boʻlib oʻtadigan BMTning Iqlim oʻzgarishi boʻyicha 26-Tomonlar Konferensiyasida (COP26) eʼlon qilinishi koʻzda tutilgan.