Gap shundaki, markaz dastlabki statistik maʼlumotlar asosida Oʻzbekiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy koʻrsatkichlarini qisqacha tezkor tahlil qildi. 2023-yil yanvar-avgust oylarida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlarining umumiy bahosi iqtisodiyot tarmoqlari va sohalari rivojlanishining ijobiy dinamikasidan dalolat beradi. Sakkiz oy yakunlari boʻyicha sanoat sohasida, investitsiya va qurilish sohasida hamda tashqi iqtisodiy faoliyatda ijobiy dinamika kuzatildi.

Iqtisodiyot tarmoqlarida koʻrsatkichlar quyidagicha rivojlandi:

Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 5,8 foizga oʻsdi va 400,6 trln. soʻmni tashkil etdi.

Qurilish ishlari hajmi 5,9 foizga oʻsib, 93,3 trln. soʻmga yetdi.

Tashqi savdo hajmi 23,2 foizga oʻsib, 40 milliard dollarni tashkil etdi. Xususan, eksport 27,8 foizga oʻsib, 16,4 milliard dollarni, import hajmi 20,2 foizga oʻsib, 23,6 milliard dollarni tashkil etdi.

Toʻqimachilik va kiyim sanoatida ishlab chiqarish 7,4 foizga oʻsib, 55,6 trillion soʻmni tashkil etdi. Jumladan, yirik korxonalar boʻyicha trikotaj gazlamalari ishlab chiqarish 13,8 foizga (33,3 ming tonna), tikuvchilik-trikotaj mahsulotlari - 2-marta (267,8 million tonna) oʻsdi. Umumiy miqdori 207 million dollarlik 21 ta investitsiya loyihasi ishga tushirildi.

Neft-gaz sanoati mahsulotlari ishlab chiqarish (yirik korxonalar sharoitida) hajmi 0,5 foizga oʻsib, 22,5 trillion soʻmni tashkil etdi. Gaz qazib olish hajmi 9,4 foizga kamayib, 31,4 milliard kub.metrni tashkil qilgan, neft qazib olish 0,2 foizga oshib, 520,3 ming tonnaga yetdi.

Investitsiya dasturi doirasida 954,1 mln. dollar oʻzlashtirilgan, shundan xorijiy investitsiyalar va kreditlar 765,9 mln. dollarni tashkil etgan.

Elektr energiya ishlab chiqarish hajmi 51,7 mlrd kVt/soatni tashkil etdi va 5,7 foizga oʻsdi. Jumladan, 45,5 mlrd. kVt/soat issiqlik elektr stansiyalari va markazlar hissasiga, 5,0 mlrd. kVt/soat gidroelektr stansiyalarida va DXSH asosida qayta tiklanuvchi elektr energiya 1,2 mlrd. kVt/soat toʻgʻri keladi.

Sohada investitsiya dasturi doirasida 235,6 mln dollarga kapital qoʻyilmalar oʻzlashtirilib, oʻsish surʼati 113,4 foizga yetdi.

Qora metallurgiya tarmogʻining yirik korxonalarida qora metall va undan tayyorlangan mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi 1,0 mln. tonnani tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 8,2 foizga oʻsdi.

Oziq-ovqat sanoati ishlab chiqarish hajmi 6,7 foizga oʻsib, 41,9 trln soʻmni tashkil etgan. Yirik korxonalarda shakar ishlab chiqarish hajmi 5,7 foizga, shokolad va shirinliklar - 9,2 foizga, sharbatlar – 24,7 foizga oʻsgan.

2023-yil yanvar-avgust oylarida 1,9 trln. soʻmlik 389 ta investitsiya loyihalari ishga tushurilgan.

Qurilish materiallari sanoatida ishlab chiqarish hajmi 13,0%ga oʻsib, 18,6 trln.soʻmni tashkil etgan. Sohaning jami sanoatidagi ulushi 4,6%ga yetdi.

Joriy yilning 8 oyi davomida 1 391 ta yangi qurilish materiallarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar tashkil etildi.

Farmatsevtika sanoatida 2,3 trln soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilgan 27 ta davlatga jami 87 mln dollarlik mahsulotlar va xizmatlar eksport qilindi.

Umumiy qiymati 61,4 mln dollarlik investitsiya mablagʻlari oʻzlashtirildi. Qiymati 7,9 mln dollarlik 15 ta loyiha ishga tushirildi. Natijada, qoʻshimcha 57,8 mlrd soʻmlik mahsulotlarni ishlab chiqarish quvvatlari hamda yangi 175 nafar ish oʻrinlari yaratildi.

Avtomobil sanoatida ishlab chiqarish 10%ga oʻsib, 44,2 trln.soʻmni tashkil qildi. 247,3 ming dona yengil avtomobil, 1 746 dona – yuk mashinalari va 522 dona – avtobuslar ishlab chiqarilgan. Jumladan, 52,5 mingta “Damas”, 65,4 mingta “Kobalt”, 18,5 mingta “Onix” va 24,5 mingta “Tracker” ishlab chiqarildi.

“Oʻzavtosanoat” AJ korxonalari tomonidan 414,4 mln AQSH doll. eksport qilinib, oʻtgan yilga nisbatan 20,3%ga oʻsdi. 7 ta loyiha doirasida 115 mln dollar qiymatdagi jami 66,9 mln doll. investitsiyalar oʻzlashtirildi.

Elektrotexnika sanoatida ishlab chiqarish hajmi (elektrotexnika sanoati korxonalari boʻyicha) 18,5%ga oʻsib, 13,3 trln. soʻmni tashkil etgan.

Xususan, yirik korxonalar boʻyicha kabel mahsulotlari 30,2%ga, maishiy texnika 21,0%ga, kuchlanish qurilmalari 63,8%ga oshgan.

Mis xomashyosini tayyor mahsulot sifatida qayta ishlash hajmi 19,0%ga oshib, 42,2 ming tonnani tashkil etdi, korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlari 40,5%dan 61%gacha oshirildi. Oʻzlashtirilgan investitsiyalar hajmi 18,8%ga oshib, 76,3 mln. dollarni tashkil etdi.

Transport sohasi xizmatlari hajmi 8,3%ga oʻsib, 66,3 trln.soʻmga yetgan. Shundan, avtomobil transporti xizmatlari hajmi 31,7 trln. soʻmga yetib, 5,3%ga oʻsgan. Joriy yilning yanvar-avgust oylarida 804,1 mln. doll. miqdorida investitsiyalar oʻzlashtirilgan.

Shunday qilib, joriy davrda erishilgan natijalarni jadal davom ettirish, investitsiya loyihalarini belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirish, mahsulot raqobatbardoshligini oshirish choralarini jadallashtirish, korxonalar ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish va korxonalar talabiga muvofiq xajmda tabiiy gaz va elektr energiyani yetkazib berish hisobiga yil yakuniga qadar sanoat boʻyicha belgilangan prognoz koʻrsatkichlarini soʻzsiz bajarish imkoni yaratiladi.