Oʻzbekiston Ispaniya hududlari bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlaydi

    Oʻzbekiston elchisi Farrux Tursnov amaliy tashrif bilan Ispaniyaning Galisiya avtonom hamjamiyatida boʻldi.

    Safar davomida Galisiya avtonom hamjamiyati maʼmuriyati mutasaddilari va yetakchi kompaniyalar rahbariyati bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.

    Galisiya avtonom hamjamiyati prezidenti maslahatchisi Diyego Kalvo bilan uchrashuv chogʻida ispan tomoni Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar koʻlamini yuqori baholadi va ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashga tayyor ekanini bildirdi. Qishloq xoʻjaligi, yengil sanoat, avtomobilsozlik, neft-kimyo, farmatsevtika, shuningdek, turizm va mehnat migratsiyasi sohalaridagi hamkorlik masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

    Prezident maslahatchisi Galisiya Oʻzbekiston bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyishdan manfaatdor ekanini tasdiqladi. Ayniqsa, Toshkentdan Madridga toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlar ochilishini hisobga olgan holda mamlakatimizning sayyohlik salohiyatini targʻib qilish boʻyicha kelishuvga erishildi.

    “Inditex” bosh direktori Oskar Garsiya bilan muzokaralar chogʻida toʻqimachilik sanoatida qoʻshma ishlab chiqarishni tashkil etish imkoniyatlari muhokama etildi. Oʻzbekiston tomoni sohaning raqobatdosh afzalliklari, jumladan, resurs salohiyati, preferensiyalari va logistika imkoniyatlarini taqdim etdi. Oʻzbekistondagi zamonaviy korxonalarga buyurtma berish va barqaror ishlab chiqarish texnologiyalaridan foydalangan holda quvvatlarni yaratish boʻyicha tajriba loyihalarini ishlab chiqish taklif etildi.

    “Inditex” kompaniyasi rahbariyati Oʻzbekistonda logistikani optimallashtirish va ishlab chiqarish tannarxini kamaytirish imkonini beruvchi markazni yaratish orqali yetkazib berish zanjirini kengaytirishdan manfaatdorligini bildirdi. Ispaniya tomoni, shuningdek, Oʻzbekiston barqaror toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish uchun istiqbolli bozor sifatida qaralishini taʼkidladi.

    Oʻzbekiston elchisi tashrif davomida “Rodriguez Lopez Auto” kompaniyasi bosh direktori Xose Enrike Rodriges bilan muzokara oʻtkazdi. Muhokamaning asosiy mavzusi Oʻzbekistonda shoshilinch tibbiy yordam tizimini rivojlantirish boʻldi.

    Kompaniya qoʻshni davlatlarga mahsulot eksport qilish imkoniyatiga ega zamonaviy tibbiy avtomashinalarni birgalikda ishlab chiqarishni tashkil etish boʻyicha tajriba loyihasini amalga oshirishdan manfaatdorligini bildirdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.