Bugun hech bir soha rivojini axborot-kommunikatsiya texnologiyalarisiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Aholining ham bu imkoniyatlardan foydalanishga talabi kundan-kun ortmoqda. Oʻtgan davrda bu boʻyicha muayyan ijobiy natijalarga erishildi. Jumladan, shu yil boshida oʻtgan yilning mos davriga nisbatan uch barobar koʻp, yaʼni qoʻshimcha 2,8 mingta mobil aloqa tayanch stansiyasi oʻrnatildi. Mamlakatimiz boʻyicha mobil aloqa qamrovi darajasi 99 foizga, keng polosali mobil internet qamrovi 96 foizga yetkazildi. Yuqori tezlikda ishlovchi mobil internet foydalanuvchilari soni 712 mingtaga oshdi.

Kuni kecha davlatimiz rahbari raisligida axborot texnologiyalari sohasidagi natijalar va joriy yilgi vazifalar muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan yigʻilishda sohadagi qator kamchiliklar koʻrsatib oʻtildi, barcha tarmoq va hududlarda raqamlashtirishni jadallashtirish zarurligi qayd etildi. Xususan, mamlakatimizni mintaqaviy axborot texnologiyalari markaziga aylantirish boʻyicha vazifa belgilab berildi.

Besh yil avval bunday vazifani xayolga ham keltirib boʻlmas edi. Axborot texnologiyalari eksporti hajmi atigi 600 ming AQSH dollariga teng edi. Sohaga qaratilgan eʼtibor natijasida oʻtgan yilgi eksport hajmi 46 million AQSH dollariga yetdi. Joriy yil bu koʻrsatkichni 100 million, yaqin ikki-uch yilda 500 million AQSH dollariga yetkazish koʻzda tutilmoqda.

Oʻzbekiston MDHda mustaqillikka erishgandan beri aholisi eng koʻp oʻsgan mamlakatdir. Buning ustiga, okeanga chiqish uchun kamida ikkita davlatdan oʻtishimiz kerak. Bu esa moddiy eksport uchun transport xarajati oshishiga sabab boʻladi. Demak, asosiy umid servis sohasi eksporti, xususan, IT autsorsingidir. Shu bois, yurtimizni IT autsorsingi boʻyicha mintaqaviy markazga aylantirish zimmamizdagi eng katta va masʼuliyatli vazifa boʻlib qoladi.

Hozir axborot texnologiyalari sohasi mutaxassislari uchun mamlakatimizda qulay shart-sharoit yaratilgan. Yetakchi autsorsing kompaniyalar oʻz ofisini kengaytirmoqda. Ularning ijobiy tajribasini oʻrganib, boshqa yirik IT kompaniyalar ham Oʻzbekistonda faoliyat boshlashni rejalashtiryapti. Ayni paytda yurtimizga kirib kelgan axborot texnologiyalari mutaxassislari soni 3 mingdan oshdi. Ularning 2 ming nafari “TashRush” dasturi doirasida kelgan boʻlib, hozir IT park rezident-kompaniyalarida faoliyat yuritmoqda.

Yigʻilishda viloyatlarda VRO (masofaviy xizmatlar) markazlar tuzish boʻyicha zimmamizga alohida vazifa yuklandi. Buning uchun chet tilni bilish zarur. Agar farzandlarimiz Toshkentda turib AQSHdagi yuk tashish mashinalariga dispetcherlik qilayotgan boʻlsa, nega shu ishni Jizzax yoki Moʻynoqda turib amalga oshirib boʻlmaydi, degan masala oʻrtaga qoʻyildi. Joriy yil oxirigacha yurtimizdagi 14 ta hududda VRO markazlar tashkil etish va Jahon banki bilan birgalikda ishni tezlashtirish boʻyicha topshiriq berildi.

Jahon banki bilan birga amalga oshiriladigan “Oʻzbekistonda raqamli inklyuziya” loyihasining asosiy vazifasi kelgusi besh yilda 100 ta masofaviy xizmatlar eksporti markazini tashkil etish, ularni zamonaviy talablar asosida jihozlash va yurtimizga xorijiy mijozlarni jalb etishdan iborat. Bu esa 35 ming yoshni yuqori maoshli ish bilan taʼminlash imkonini beradi.

Yigʻilishda sohadagi yana bir ustuvor vazifa — oʻqitish sifatini oshirishga alohida eʼtibor qaratildi. Bugun iqtisodiyotni raqamlashtirish uchun yana 12 ming nafar yuqori malakali mutaxassisga talab borligi qayd etildi. Shuning uchun Toshkent axborot texnologiyalari universitetini ilmfan va taʼlim klasteriga aylantirish, zamonaviy IT park universitetini tashkil etish taklifi bildirildi. Bu sohani malakali kadrlar bilan taʼminlash barobarida yoshlarning yuqori daromad olish imkoniyatini kengaytiradi.

Ayni paytda xususiy tashkilotlar tomonidan axborot texnologiyalari taʼlimiga investitsiya kiritilayotgani va har yili mingdan ortiq bitiruvchini chiqarish imkoniyatiga ega boʻlgan IT akademiyalar tashkil etilayotgani sohaga qaratilgan yuksak eʼtibordan dalolat.

Jumladan, yirik kompaniyalardan biri boʻlgan “Epam” tashkiloti mahalliy kadrlarni tayyorlashga investitsiya kiritmoqda. Joriy yilda axborot texnologiyalari parki va mazkur tashkilot bilan hamkorlikda 10 ming nafargacha bitiruvchini chiqarish imkoniyatiga ega boʻlgan onlayn universitet — “IT Park University” ochilishi rejalashtirilgan.

Sherzod SHERMATOV,
 axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri