Oʻzbekiston IT-taʼlim sohasini Turkiya bilan hamkorlikda rivojlantiradi

    Ta'lim 13 Yanvar 2023 1013

    Joriy yil 12-yanvarda IT-Parkga Turkiya Respublikasi Prezidentining Inson resurslarini boshqarish boshqarmasi delegatsiyasi tashrif buyurdi.

    Delegatsiya tarkibiga kadrlar tayyorlash va rivojlantirish boʻlimi rahbari Volkan Nazli va boshqaruv xizmatlari boʻlimi loyiha koordinatori Anil Gunel kirdi.

    Uchrashuvda IT-Park direktorining xalqaro aloqalar boʻyicha oʻrinbosari Amaliya Ergasheva, Taʼlim loyihalari boʻlimi boshligʻi Shahzod Narzullayev va Xalqaro reyting tashkilotlari bilan ishlash boʻlimi boshligʻi Dilshod Saitovlar mehmonlarni tashkilot faoliyati, IT City loyihasi, oʻtgan 4 yil davomida amalga oshirilgan ishlar natijalari va IT IT-Parkning 2023-yilga moʻljallangan rejalari bilan tanishtirdi.

    Uchrashuvda Turkiya Respublikasi Prezidentining Inson resurslari boshqarmasi tomonidan IT-taʼlimni yaxshilash va ushbu sohada talabalar qamrovini oshirish uchun ilgʻor texnologiyalar va zamonaviy yechimlar transferi boʻyicha tajriba almashish va hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari koʻrib chiqilayotgani taʼkidlandi. Eslatib oʻtamiz, Turkiyada 100 ga yaqin texnoparklar, jumladan, ilmiy parklar mavjud boʻlib, ularda 80 mingga yaqin mutaxassis faoliyat yuritadi.

    Turkiya tomoni vakillari IT-taʼlimni rivojlantirish boʻyicha oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashdi va turk fuqarolari uchun turli mutaxassisliklar boʻyicha kurslar va ish bilan taʼminlash imkoniyatlarini taqdim etuvchi “e-insan” loyihasi haqida soʻzlab berdi.

    Oʻz navbatida, IT-Park mehmonlarga “One Million Uzbek Coders” dasturi va yaqinda ishga tushirilgan IT Park University haqida batafsil maʼlumot berildi.

    Oʻzbekistonda “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish masalalari ham muhokama etildi. Mehmonlar Oʻzbekistonning bu boradagi yuksalish va taraqqiyotini taʼkidladi.

    Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar IT-taʼlim sohasida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishni davom ettirishga kelishib oldilar. IT-Park Turkiyaning eksportga yoʻnaltirilgan IT-kompaniyalarini Oʻzbekiston bozoriga kirishda qoʻllab-quvvatlashga va turk kompaniyalarida ishlash uchun IT-mutaxassislarini birgalikda tayyorlashga hozir ekanini bildirdi, deb xabar beradi IT-Park matbuot xizmati.